Qirg‘iziston Rossiyaning “S-300” zenit-raketa komplekslarini oldi. Bu haqda respublika Xavfsizlik kengashi kotibi Marat Imankulovga tayanib “Izvestiya” xabar berdi.

Bizda birlashgan havo hujumidan mudofaa tizimi ishlaydi. Hozir bizga ushbu qo‘shma tizimning elementlari — “S-300” yetib keldi. U Qirg‘iziston hududida, dedi Imankulov va Qirg‘iziston tomoni jami qancha kompleks olganiga aniqlik kiritmadi.
Zenit-raketa komplekslarini 8-may kuni Bishkekda bo‘lib o‘tadigan G‘alabaning 80 yilligiga bag‘ishlangan harbiy paradda namoyish etilishi mumkin. Uni yetkazib berish 2021-yilda Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarovning Rossiyaga tashrifi chog‘ida kelishilgan edi.
2023-yil noyabr oyida havo hujumidan mudofaa yagona mintaqaviy tizimini yaratish to‘g‘risidagi bitim kuchga kirdi. Ikki tomonlama kelishuv doirasida Rossiya kollektiv xavfsizlik zonasida birlashgan havo hujumidan mudofaa tizimi qo‘shinlarining harakatlarini muvofiqlashtiradi. Qirg‘iziston esa bu harakatlarni boshqaradi. Qo‘shinlar va texnikani joylashtirish uchun Bishkekdan 20 kilometr uzoqlikda joylashgan Rossiyaning Kant harbiy bazasi yonidan 5 gektar yer ajratilgan.
“S-300” zenit-raketa komplekslari yirik sanoat va ma’muriy obyektlar, harbiy bazalar va boshqaruv punktlarini dushmanning havo-kosmik hujum vositalari zarbalaridan himoya qilish uchun mo‘ljallangan. U ballistik va aerodinamik nishonlarga zarba berishga qodir.
Izoh (0)