Italiyaning “Komo” klubi bosh murabbiyi Sesk Fabregas “Roma”ni boshqarishi mumkin. Bu haqda Sky Sport Italia nashri xabar bermoqda.

Manbaga ko‘ra, rimliklar murabbiylik lavozimi uchun bir nechta nomzodlarni ko‘rib chiqmoqda. Fabregasdan tashqari “Ayaks” bosh murabbiyi Franchesko Farioli, “Jenoa” ustoz Patrik Viyera va hozirda “An-Nassr”ni boshqarayotgan Stefano Pioli ham “short-list”dan o‘rin olgan.
Hozirda jamoani boshqarayotgan tajribali mutaxassis Klaudio Ranyeri mavsum oxirida lavozimini tark etadi va klub tizimida rahbarlik vazifasini bajaradi.
37 yoshli Sesk Fabregas murabbiylik faoliyatini 2023-yilda boshlagan. Dastlab u “Komo”ning 19 yoshgacha bo‘lgan yoshlar jamoasini boshqargan, keyinroq esa asosiy jamoada murabbiy yordamchisi va vaqtincha bosh murabbiy lavozimlarida ishlagan. 2024-yilda u rasmiy ravishda klub ustoziga aylangan.
Avvalroq OAVda “Manchester Yunayted” sobiq ustozi Erik ten Hag ham “Roma”ni boshqarishi mumkinligi haqida xabarlar tarqalgan edi.
Izoh (0)