AQSH prezidenti Donald Tramp Ukrainaning NATOga intilishi Rossiya bilan mojaro keltirib chiqarganini, Qrim Ukrainadagi mojaroni hal qilish bo‘yicha kelishuv doirasida Rossiya tarkibida qolishini bildirdi. Bu haqda u Oq uy rahbari lavozimidagi dastlabki 100 kunlik faoliyati yakunlari bo‘yicha Time jurnaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi.

Tramp Ukrainaning NATOga a’zo bo‘lish imkoniyati yo‘qligini aytib, Ukrainaning alyansga a’zo bo‘lish istiqbollari masalasi mojaroning kelib chiqishiga sabab bo‘lganini qo‘shimcha qildi.
“Menimcha, ular (Ukraina) hech qachon NATOga qo‘shila olmaydi. Urushning boshlanishiga ular NATOga qo‘shilish haqida gapira boshlagani sabab bo‘lgan deb o‘ylayman”, deya javob berdi Tramp Ukrainaning alyansga qo‘shilishiga umid bor-yo‘qligi haqidagi savolga.
Uning ta’kidlashicha, agar Ukrainaning alyansga qo‘shilishi mavzusi muhokama qilinmaganida, ehtimol, Ukrainadagi mojaroning oldini olish imkoniyati ko‘proq bo‘lardi.
“Agar bu masala ko‘tarilmaganda, mojaroning umuman boshlanmasligi ehtimoli ancha yuqori bo‘lardi”, dedi Amerika rahbari.
Tramp suhbat davomida Ukrainadagi inqiroz hal etilgandan so‘ng ham Qrim Rossiya Federatsiyasi tarkibida qolishini aytgan.
“Biz Qrim haqida gaplashishga majburmiz, chunki u doim tilga olinadi. Qrim Rossiya bilan qoladi. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ham, boshqalar ham buni tushunadi va Qrim uzoq vaqtdan beri Rossiya bilan birga ekanligini bilishadi”, deya izoh berdi u.
Bundan tashqari, Tramp Ukraina inqirozini faqat u hal qila olishini ta’kidlab, kelishuvga tez orada erishish mumkinligini aytgan.
“Biz samarali muzokaralar olib bordik va bitimga juda yaqinlashdik. Men boshqa hech kim bunday bitimga erisha olmasligiga ishonaman”, dedi AQSH prezidenti.
Suhbat davomida Tramp Ukrainada tinch yo‘l bilan kelishuvga faqat u erisha olishini ta’kidlagan.
“Menimcha, muzokara orqali tinchlikka erisha oladigan yagona shaxs menman... Bu kelishuvni boshqa biror kishi tuzishi mumkinligiga ishonmayman”, deya bayon qildi Tramp.
Izoh (0)