Rossiya prezidenti Vladimir Putin rus armiyasi Kursk viloyatini butunlay ozod qilganini aytdi. U Ukraina Qurolli kuchlari bosqinidan deyarli to‘qqiz oy o‘tgach yakunlangan Kursk operatsiyasida ishtirok etgan harbiylarni tabrikladi.

Butun shaxsiy tarkibni, barcha jangchi va komandirlarni ushbu muvaffaqiyat, g‘alaba bilan tabriklayman. Ko‘rsatgan jasoratingiz, qahramonligingiz, vatanimiz va Rossiya xalqiga xizmat qilganingiz uchun tashakkur bildiraman, dedi Putin.
Rossiya rahbari Ukraina qo‘shinlarining Kurskdagi “to‘liq mag‘lubiyati” rus armiyasiga “frontning eng muhim uchastkalarida” muvaffaqiyatli harakatlanishda ahamiyatli ekanini ta’kidladi.
Ukraina Qurolli kuchlari Kursk viloyatida jangovar harakatlar yakunlangani haqidagi ma’lumotlarni rad etdi.
Ukraina Mudofaa kuchlarining Kurskdagi mudofaa operatsiyasi davom etmoqda. Operativ vaziyat murakkab, ammo bo‘linmalarimiz pozitsiyalarni ushlab turishda va vazifalarni bajarishda davom etmoqda, deyiladi xabarda.
DeepState loyihasi tahlilchilari Kursk viloyatidagi janglar haqida xabar berdi.
Rus harbiylari Kurskda oldinga siljidi, xususan, aholi yashaydigan Gornalni deyarli to‘liq egalladi va Oleshni hududida oldinga siljidi, deyiladi xabarda.
Kursk viloyatidagi janglar 2024-yil 6-avgustda boshlangan. O‘shanda Ukraina Qurolli kuchlari bo‘linmalari Rossiya davlat chegarasini kesib o‘tib, bir necha kun ichida hududning qariyb 1300 kvadrat kilometr hududini egallab olgan.
Putin bir necha bor Mudofaa vazirligini faolroq harakat qilishga va Ukraina qo‘shinlarini viloyatdan chiqarib yuborishga chaqirgan. Ushbu vazifani bajarish uchun Moskva keng ko‘lamli qarshi hujum operatsiyasini boshlagan. Uning doirasida, The New York Times ma’lumotlariga ko‘ra, 50 mingdan ortiq harbiy, jumladan, Shimoliy Koreyadan yuborilgan bo‘linmalar jalb qilingan.
Biroq shunchalik katta kuchga ega bo‘lishiga qaramay, rus armiyasining oldinga siljishi juda sekin kechgan. Bundan tashqari, Shimoliy Koreya kontingenti katta yo‘qotishlarga uchragan va front chizig‘idan chiqib ketishga majbur bo‘lgan. Uzoq davom etgan janglar va sezilarli yutuqlarning yo‘qligi fonida Putin 2025-yil yanvarida Kursk viloyatidagi vaziyat haqida ommaga gapirishni to‘xtatgandi.
Izoh (0)