Rossiya Liberal-demokratik partiyasi sobiq yetakchisi Vladimir Jirinovskiyning xorijga chiqish pasporti 1,1 million rublga (taxminan 13 ming dollarga) sotildi. Bu haqda “Vedomosti” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, pasport Sankt Peterburgdagi kimoshdi savdosiga qo‘yilgan. Hujjat 750-raqamli lot ostida o‘tkazilgan. Sovet namunasidagi “zagran” pasport 1992-yil 19-oktyabrda besh yil muddatga berilgan.
Lot bo‘yicha “narxni sun’iy oshirish va spontansavdolarni oldini olish” uchun 100 000 rubl miqdorida qaytariladigan garov kiritish taklif qilingan.
Jirinovskiy 2022-yil 6-aprel kuni 75 yoshida uzoq davom etgan kasallikdan so‘ng vafot etdi. Vafotidan uch yil o‘tib rossiyaliklarning Jirinovskiyga bo‘lgan ishonchi 6 foizga oshib, 66 foizga yetdi. Tadqiqotchilarga ko‘ra, bu ko‘rsatkich kelajakda ham oshishda davom etadi.
Siyosatchi nafaqat Liberal-demokratik partiyaning asoschisi sifatida, balki “bashoratchi” sifatida ham tanilgan edi. Internetda Jirinovskiy kelajakdagi voqealarni oldindan aytgan videolar va materiallar ko‘p uchraydi. 2024-yil dekabr oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin Jirinovskiyni “bashoratchi emas, balki bilimli va puxta tayyorgarlik ko‘rgan shaxs” deb ta’kidlagan.
Izoh (0)