Rossiyalik deputat Sergey Mironov pora evaziga hujjat olgan migrantlarni mamlakatdan chiqarib yuborishni taklif qildi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.
-CU1V7dHh.avif)
“Adolatli Rossiya” partiyasi vakili bo‘lgan Mironov migratsiya sohasida qonunbuzarliklar uchun javobgarlikni kuchaytirish zarurligini aytdi. U sohadagi korrupsion jinoyatlar oqibati nafaqat pora olgan mansabdorlarga, balki noqonuniy yo‘l bilan hujjatni qo‘lga kiritgan migrantlarga ham taalluqli bo‘lishi kerakligini aytdi.
Deputat yaqinda Penza viloyatida migratsiya bo‘limi rahbari va uning xodimlari pora olish aybi bilan hibsga olinganini eslatdi. Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, tadbirkorlar migrantlarni legallashtirish va ularni tekshiruvlardan oldin ogohlantirish evaziga politsiya xodimlariga pul bergan.
Migratsiya xizmatidagi yuqori martabali poraxo‘rlarning xorijdan kelganlarni qonuniylashtirishga yordam berishi birinchi marta sodir bo‘lmayapti, dedi u.
Mironov mansabdorlar jazolanishi ijobiy holat ekanini, biroq bu choralarning o‘zi yetarli emasligini aytdi.
Bu “xizmatlar”dan foydalangan tadbirkorlar-chi? Yoki qonunni buzgan holda qo‘shnimiz yoki hatto fuqaromizga aylangan yuzlab, minglab xorijliklar-chi? Ular xuddi hech narsa bo‘lmagandek yashashda, boylik orttirishda davom etaveradimi?!, deya savol qo‘ydi Davlat dumasi deputati.
Mironovning fikriga ko‘ra, pora orqali olingan Rossiyada yashash huquqini tasdiqlovchi hujjatlar va pasportlar haqiqiy deb hisoblanmasligi va ularning egalari mamlakatdan chiqarilishi lozim.
Albatta, bu amaldagi qonunchilikka o‘zgartishlar kiritishni talab qiladi. Bu borada takliflar tayyorlash bilan bizning fraksiyamiz shug‘ullanadi, deya yakunladi u.
Ma’lumot o‘rnida, Rossiya prezidenti Vladimir Putin migrantlarning Rossiyada o‘z maqomini tartibga solishi kerak bo‘lgan muddatni uzaytirdi. Chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarning huquqiy maqomini rasmiylashtirishi (legalizatsiya) lozim bo‘lgan muddat 2025-yilning 10-sentyabrgacha uzaytirildi.
Migratsiya agentligi Rossiyada ishlab yurgan, ammo hujjatlarida kamchiligi mavjud bo‘lgan barcha o‘zbekistonliklarga huquqiy, amaliy yordam ko‘rsatishga tayyorligini bildirdi.
Izoh (0)