Joriy yil 1-chorakda mamlakatdagi o‘rtacha ish haqi o‘tgan yil mos davriga nisbatan 18 foizga o‘sdi. Bu haqda Statistika qo‘mitasi xabar berdi.

Statqo‘m tahliliga ko‘ra, 2025-yil yanvar—mart oylarida o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 5,8 mln so‘mga yetgan.
Hududlar kesimida o‘rtacha ish haqining eng yuqori miqdori doimgidek Toshkent shahrida — 9,9 mln so‘m (yillik o‘sish 22,7 foiz). Keyingi o‘rinda Navoiy viloyati qayd etilgan — 7,3 mln so‘m (yillik o‘sish 12,6 foiz). Qolgan barcha hududlardagi miqdorlar umumiy o‘rtacha oylik ish haqidan kam. Ko‘rsatkichlar quyidagicha:
- Surxondaryo viloyatida — 4,2 mln so‘m (yillik o‘sish 19,1 foiz);
- Buxoro viloyatida — 4,7 mln so‘m (18,5 foiz);
- Sirdaryo viloyatida — 4,6 mln so‘m (18,5 foiz);
- Samarqand viloyatida — 4,3 mln so‘m (17,6 foiz);
- Jizzax viloyatida — 4,4 mln so‘m (17,4 foiz);
- Andijon viloyati — 4,9 mln so‘m (11 foiz);
- Navoiy viloyatida — 7,3 mln so‘m (12,6 foiz);
- Farg‘ona viloyatida — 4,2 mln so‘m (13,7 foiz);
- Qashqadaryo viloyatida — 4,1 mln so‘m (13,7 foiz);
- Xorazm viloyatida — 4,6 mln so‘mni (14,3 foiz);
- Toshkent viloyatida — 5,43 mln so‘m (14,3 foiz);
- Qoraqalpog‘istonda — 4,7 mln so‘m (15 foiz);
- Namangan viloyatida — 4,3 mln so‘m (o‘sish 16,1 foiz).

Yanvar—mart oylarida axborot va aloqa sohasidagi o‘rtacha ish haqi eng yuqori surʼatda o‘sib (26,8 foiz), 14,8 mln so‘mga yetgan.
Oyliklar sanʼat, ko‘ngil ochish va dam olish yo‘nalishlarida ham sezilarli o‘sgan (20,2 foiz) va o‘rtacha 4,8 mln so‘mni tashkil etgan.
Doimgidek bank, sug‘urta, lizing, kredit va moliyaviy vositachilik sohalarida ish haqi miqdorlari boshqa kasblardagiga nisbatan yuqori bo‘lib, 15,8 mln so‘mdan oshgan (yillik o‘sish 19,8 foiz).

Taʼlim sohasida o‘rtacha ish haqi 4 mln so‘m (o‘sish 17,7 foiz), tashish va saqlashda 8,7 mln so‘mga (o‘sish 16 foiz) yetgan. Shu bilan birga, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish sohasida o‘rtacha ish haqi 3,6 mln so‘mni tashkil etdi (o‘sish 11,1 foiz). Bu eng past miqdordagi o‘rtacha oylik sanaladi.
Birinchi chorakda o‘rtacha ish haqlari qurilish sohasida 6 mln so‘m, yashash va ovqatlanish xizmatlari yo‘nalishida 4,8 mln so‘m, sanoatda 6,9 mln so‘m hamda savdoda 6,5 mln so‘m bo‘lgan.
Qo‘mita oxirgi 2021—2024-yillar dastlabki choraklarida respublikadagi umumiy o‘rtacha ish haqi miqdori qanday o‘zgarganini ham tahlil qilgan. Jumladan, 2021-yil 1-choragida o‘rtacha oyliklar 2,9 mln so‘m, 2022-yil mos davrida 3,4 mln so‘m, 2023-yil ilk uch oyida 4,1 mln so‘m, 2024-yil yanvar—martida 4,9 mln so‘m bo‘lgan.
Izoh (0)