Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin G‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan uch kunlik vaqtinchalik sulh e’lon qildi. Bu haqda Kreml xabar berdi.

Ta’kidlanishicha, bunday qaror insonparvarlik nuqtayi nazaridan kelib chiqib qabul qilingan.
“Rossiya Federatsiyasi prezidenti, Rossiya Federatsiyasi Qurolli Kuchlarining Oliy bosh qo‘mondoni V.V. Putin tomonidan qabul qilingan qarorga ko‘ra, insonparvarlik maqsadida G‘alabaning 80 yilligi munosabati bilan 7-maydan 8-mayga o‘tar kechasi soat 00:00 dan 10-maydan 11-mayga o‘tar kechasi soat 00:00 gacha Rossiya tomoni vaqtinchalik tinchlik e’lon qiladi. Ushbu davr mobaynida barcha jangovar harakatlar to‘xtatiladi”, deyiladi xabarda.
Shuningdek, xabarda agar Ukraina tomoni tinchlikni buzsa, Rossiya harbiy kuchlari “munosib va samarali javob” berishini bildirib, shu tariqa Rossiya Ukraina inqirozining asl sabablarini bartaraf etishga qaratilgan dastlabki shartlarsiz tinchlik muzokaralariga tayyorligini ma’lum qilgan.
“Rossiya tomoni yana bir bor Ukraina inqirozining asl sabablarini bartaraf etishga qaratilgan oldindan hech qanday shartlarsiz tinchlik muzokaralarini o‘tkazishga va xalqaro hamkorlar bilan konstruktiv aloqalar o‘rnatishga tayyor ekanini bildiradi”, deyiladi Kreml bayonotida.
19-aprel kuni Putin jangovar to‘qnashuv chizig‘ida 30 soatlik Pasxa tinchligini e’lon qilgan edi. O‘shanda u bu qaror insonparvarlik nuqtayi nazaridan qabul qilinganini ta’kidlagandi.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Pasxa tinchlik e’lon qilinishi bilan darhol taklifni rad etgandi. Biroq uch soatdan so‘ng, u yana bir bayonot berib, Ukraina vaqtinchalik tinchlik doirasida jangovar harakatlarni to‘xtatishga rozi ekanligini ma’lum qilgandi.
Rossiya Mudofaa vazirligi 21-aprel kuni maxsus operatsiyani qayta boshlaganini ma’lum qildi. Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, tinchlik davrida Rossiya tinchlik shartlarining 4900 marta buzilganini qayd etgan. Vladimir Zelenskiy esa o‘z navbatida Ukraina Qurolli Kuchlari Bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiyning hisobotiga tayanib, Rossiya tomonidan 2935 ta qoidabuzarlik sodir etilgani haqida xabar berdi.
25-aprel kuni Rossiya Federatsiyasi prezidenti Vladimir Putin AQSH prezidentining maxsus vakili Stiv Uitkoff bilan uchrashdi. Unda Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarni qayta boshlash imkoniyati muhokama qilindi. Bu Uitkoffning so‘nggi uch oy ichida Rossiyaga to‘rtinchi tashrifi va AQSH prezidentining maxsus vakili va Putin o‘rtasidagi uchinchi uchrashuv hisoblanadi.
11-aprel kuni Sankt Peterburgda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Uitkoff va Putin Ukrainadagi mojaroni hal qilish masalalarini muhokama qilgan edi. O‘shanda Rossiya prezidenti AQSHdan doimiy tinchlikni ta’minlashni so‘ragandi.
Izoh (0)