KXDR birinchi marta o‘zaro mudofaa shartnomasi doirasida Rossiyani qo‘llab-quvvatlash uchun harbiylarini yuborganini rasman tasdiqladi. Bu haqda Shimoliy Koreya markaziy telegraf agentligi xabar berdi.

Agentlik ma’lumotlariga ko‘ra, qo‘shinlar bir necha oy oldin Kursk viloyatining frontoldi zonasida jangovar harakatlarda ishtirok etish uchun yuborilgan.
Ukraina rasmiylarining Rossiya hududiga sarguzashtli bostirib kirishini qaytarish uchun Kursk hududini ozod qilish operatsiyasi muvaffaqiyatli yakunlandi, deyiladi xabarda.
Shimoliy koreyalik harbiylar urushga “Kim Chen Inning buyrug‘iga binoan” ishtirok etgan. Kim Chen In harbiylarni “qahramonlar” deb atagan, ularning Rossiya hududini ozod qilish operatsiyasidagi ishtirokini esa “muqaddas missiya” deb baholagan. Shuningdek, KXDR rahbari Pxenyanda ularning sharafiga yodgorlik o‘rnatilishini ma’lum qilgan.
2024-yil iyun oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putin va KXDR rahbari Kim Chen In keng qamrovli strategik sheriklik to‘g‘risidagi shartnomani imzoladi. To‘rtinchi moddada mamlakatlardan biri qurolli hujumga uchragan taqdirda barcha mavjud vositalar bilan zudlik bilan qo‘llab-quvvatlash haqida so‘z boradi.
2024-yilning kuzida Janubiy Koreya razvedkasi, NATO va AQSH Davlat departamenti Kursk viloyatiga 10 mingdan ortiq shimoliy koreyalik harbiylar yuborilganini ma’lum qilgandi. 26-aprel kuni Shimoliy Koreya harbiylari jangovar harakatlarda ishtirok etganini Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtab boshlig‘i Valeriy Gerasimov tasdiqladi.
Yanvar oyida Ukraina armiyasi Kursk viloyatida shimoliy koreyalik ikki askarni asirga olgandi. Prezident Vladimir Zelenskiy 12-yanvar kuni ular so‘roqqa tutilgani aks etgan videoni e’lon qilgan. So‘roq paytida KXDR askarlari qayerdaligini bilmasligi, ularga bu faqat o‘quv mashg‘uloti deb aytilganini ta’kidlagan.
Izoh (0)