Ukraina Rossiya bilan tinchlik kelishuvi barbod bo‘lganda, bosib olingan hududlardan voz kechishni nazarda tutuvchi “B rejasi”ni tayyorlamoqda. Bu haqda Bild xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, AQSH Ukraina hukumatiga “tinchlik rejasiga rozi bo‘lish va o‘z hududining kamida beshdan bir qismini Rossiyaga berishni tobora qat’iy taklif qilmoqda”. Hozircha Kiyev bu taklifni qabul qilmagan va to‘rt oydan beri AQSHdan ilgari va’da qilingan qurollar yetkazib berilishiga ishonmoqda.
Shu bilan birga, Ukraina o‘z mudofaa sanoatini rivojlantirish orqali himoyasiz qolmaslik ustida ishlamoqda. Mamlakatda kamikadze zarba beruvchi dronlar ishlab chiqarish 2023-yildagi 600 mingdan o‘tgan yili 1,5 millionga yetdi, 2025-yil oxiriga kelib esa bu raqam uch millionga chiqishi kutilmoqda.
Ikki yil oldin dronlar Rossiya yo‘qotishlarining taxminan uchdan bir qismini tashkil qilgan bo‘lsa, hozirda ular to‘rtning uchdan ikki qismini tashkil etmoqda.
2022-yilda Ukraina o‘z gaubitsalarini ishlab chiqarmagan edi. Endi esa har oy konveyerdan yigirmata “Bogdan” o‘ziyurar gaubitsalari chiqmoqda. Ushbu gaubitsalar uchun 155 millimetrli snaryadlarning bir qismi Ukraina ichida yig‘ilmoqda.
“Endi bizda o‘q-dorilar bilan bog‘liq muammo yo‘q”, deydi ukrainalik artilleriyachi ofitser.
U Germaniya va Fransiya snaryadlariga qaramlik hali ham katta ekanini tan olgan. Asosiy muammo Ukrainada inson resurslaridir. Yuz minglab odamlar qurol bilan ta’minlangan bo‘lsa-da, 18—24 yoshdagi yigitlarni xizmatga jalb qilish uchun Ukraina Mudofaa vazirligi yangi askarlar uchun ish haqini ikki baravar oshirdi.
♦ Tinchlik muzokaralari
Ukraina, AQSH va Rossiya o‘rtasidagi muzokaralar jarayoni murakkab va ziddiyatli bo‘lib qolmoqda. Faol diplomatik sa’y-harakatlarga qaramay, tomonlar o‘rtasidagi asosiy kelishmovchiliklar hal etilmagan.
Prezident Tramp Qrimni Rossiyaning bir qismi sifatida tan olish, bosib olingan hududlar ustidan Rossiya nazoratini de-fakto tan olish va Ukrainaning NATOga qo‘shilishdan bosh tortishini nazarda tutuvchi tinchlik rejasini ilgari surmoqda.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Qrim va boshqa bosib olingan hududlar bo‘yicha har qanday yon berishni qat’iyan rad etadi. Bundan tashqari, mamlakat aniq xalqaro xavfsizlik kafolatlarini taqdim etishni talab qilmoqda.
Moskva kuni kecha Ukraina bilan hech qanday oldindan shart qo‘ymasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralarga tayyorligini e’lon qildi. Avvalroq Rossiya prezidenti Vladimir Putin Ukrainaga to‘rt viloyatdan harbiylarini to‘liq olib chiqishini talab qilgandi. Gap Ukrainaning Zaporojye, Xerson, Donetsk va Lugansk viloyatlari haqida bormoqda.
Izoh (0)