Rossiya Zaporojye atom elektr stansiyasi nazoratini AQSHga topshirmaydi. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov bu haqda CBS News’ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

AQSH Zaporojye AES atrofidagi hududlarga neytral maqom berishni va ularni o‘z nazoratiga olishni taklif qilgani haqida xabar tarqalgandi.
Biz hech qachon bunday taklif olmaganmiz, agar olsak ham, Zaporojye AES Rossiyaning “Rosatom” davlat korporatsiyasi tasarrufida ekanini tushuntiramiz. U doimiy ravishda obyektda bo‘lgan MAGATE xodimlari nazorati ostidadir, dedi u.
AQSH prezidenti Donald Tramp mart oyida AESni boshqarishda Kiyevga yordam taklif qilgandi. Ukraina rahbari Vladimir Zelenskiy gap faqat Zaporojye atom elektr stansiyasi (ZAES) haqida ketayotganini aytgan.
Reuters xabariga ko‘ra, Tramp bu masalani Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan muhokama qilishni rejalashtirgan. Ushbu tashabbus Ukrainada o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha muzokaralarning bir qismi bo‘lishi mumkin.
The Wall Street Journal aniqlik kiritishicha, gap ZAES atrofidagi hududlarga neytral maqom berish va ularni AQSH nazorati ostiga o‘tkazish haqida ketmoqda.
AES Zaporojye viloyatining Energodar shahrida joylashgan. U 2022-yil 4-martda Rossiya tomonidan harbiy yo‘l bilan egallab olindi va 2022-yil 5-oktyabrda Rossiya uni o‘zining mulki deb e’lon qildi. Moskva va Kiyev muntazam ravishda bir-birini ZAESga hujumlarda ayblab keladi. Hozirda stansiyadagi barcha reaktorlar xavfsizlik sababli sovitilgan va ishlamayotgan holatda saqlanmoqda. Zavod Rossiyaning “Rosatom” davlat kompaniyasi va “Rostexnadzor” nazorat organi boshqaruvi ostida.
Ukraina hukumati Rossiyaning bu harakatini noqonuniy deb hisoblaydi va stansiya hali ham “Energoatom” davlat kompaniyasiga tegishli ekanini ta’kidlaydi. Ukrainaning mazkur kompaniyasi stansiyaning texnik boshqaruvini Kiyevdagi markaziy ofis orqali amalga oshirishda davom etmoqda.
Izoh (0)