AQSH prezidenti Donald Tramp Kanadada navbatdan tashqari parlament saylovlari o‘tkazilgan kuni uning Amerikaning 51-shtati bo‘lishi kerakligini yana bir bor ta’kidladi. Bu haqda u Truth Social ijtimoiy tarmog‘ida yozdi.

“Soliqlaringizni ikki baravar kamaytiradigan, harbiy qudratingizni bepul ravishda dunyodagi eng yuqori darajaga ko‘taradigan, avtomobil, po‘lat, alyuminiy, yog‘och, energetika va boshqa sohalar bilan shug‘ullanadigan korxonalarni boj va soliqlarsiz to‘rt baravar ko‘paytiradigan, agar Kanada AQSHning qimmatli 51-shtatiga aylansa, kuch va donolikka ega bo‘lgan insonni tanlang. Ko‘p yillar oldin sun’iy ravishda o‘rnatilgan chegaralar boshqa bo‘lmaydi”, deb yozdi Amerika rahbari.
Uning ta’kidlashicha, Kanadaning AQSHga qo‘shilishi “hech qanday kamchiliklarga ega bo‘lmaydi”.
“Amerika endi Kanadaga avvalgidek har yili yuzlab milliard dollar o‘tkaza olmaydi. Agar Kanada shtatga aylanmasa, buning ma’nosi yo‘q”, deb ta’kidladi Tramp.
Ilgari Donald Tramp bir necha bor Kanadaning ko‘plab aholisi o‘z mamlakatining AQSHning 51-shtati bo‘lishini xohlashi, bunday birlashuv unga iqtisodiy barqarorlik olib kelishi va xususan Rossiya va Xitoydan keladigan tashqi tahdidlardan himoya qilishiga ishonishi haqida gapirgan edi. Kanada bosh vaziri Mark Karni esa o‘z mamlakati hech qachon va hech qanday shaklda AQSH tarkibiga kirmasligini bir necha bor aytgan.
Kanadadagi saylovlar
Kanadada 28-aprel kuni muddatidan oldingi parlament saylovlari o‘tkazilmoqda. Ovoz berishda 16 ta partiya ishtirok etmoqda. G‘olib chiqqan siyosiy partiya rahbari esa mamlakatning 25-bosh vaziri bo‘ladi.
Asosiy kurash to‘rtta partiya - Liberal partiya, Konservativ partiya, Yangi demokratik partiya va “Kvebek bloki” o‘rtasida bo‘lishi kutilmoqda. Ijtimoiy so‘rov natijalariga ko‘ra, saylovchilarning 42,6 foizi Liberal partiyaga, 39,9 foizi esa Konservativ partiyaga ovoz berishga tayyor.
Ma’lum qilinishicha, 7 milliondan ortiq kanadalik muddatidan oldin ovoz bergan - bu 2021-yildagi avvalgi saylovlarga nisbatan 25 foizga ko‘p.
Dastlab saylovlar 2025-yil oktyabr oyida o‘tkazilishi kerak edi. Biroq bosh vazir Jastin Tryudo iste’foga chiqqanidan so‘ng uning o‘rinbosari Mark Karni saylovlarni muddatidan oldin o‘tkazishni e’lon qildi.
Tryudo iste’foga chiqishidan oldin matbuot anjumanida jonli efirda yig‘lab yuborgani xabar qilingandi. Bunga AQSH prezidenti Donald Trampning Kanadaga nisbatan olib borgan “tarif urushi” sabab bo‘lgan.
Izoh (0)