Xiaomi kompaniyasi xodimlarni haddan tashqari uzoq ish kuniga majburlashda ayblandi. LinkedIn’ning Xitoy muqobili bo‘lgan Maimai platformasidagi ma’lumotlarga ko‘ra, xodimlar har kuni kamida 11,5 soat ish joyida bo‘lishga majburlanmoqda. Bu haqda GizmoChina xabar bermoqda.

Ta’kidlanishicha, ushbu masala bo‘yicha bir nechta xodim OAVga izoh berib, bu shikoyatni tasdiqlagan. Ularning aytishicha, yetarli soat ishlamaslik rahbariyat tomonidan tanbehga, ba’zi hollarda esa ishdan bo‘shash taklifiga sabab bo‘lishi mumkin.
Ish tartibi kompaniyaning turli bo‘limlariga qarab farqlanadi: ba’zilarida ish kunining eng qisqa davomiyligi 10,5 soat bo‘lsa, boshqalarida 15 soatgacha yetadi. Qayd etilishicha, bunday talablar rasmiy ravishda belgilanmaydi va hujjatli iz qoldirmaslik uchun og‘zaki tarzda yetkaziladi. Bundan tashqari, xodimlarning aytishicha, kompaniya ta’til berishni xush ko‘rmaydi.

Xodimlarning so‘zlariga ko‘ra, ish vaqtidan tashqari ishlash tartibi taxminan ikki yildan beri davom etib kelayotgan bo‘lsa-da, bu vaziyat faqat endi oshkor bo‘lgan.
Xiaomi hozircha majburiy ortiqcha ishlash ayblovlariga hech qanday izoh bermagan.
Mart oyi oxirlarida Xiaomi korporatsiyasi aksiyalari Gonkongdagi savdolarda haydovchiga yordam berish tizimidan foydalangan elektromobil YTHga uchragani haqidagi xabarlardan so‘ng 5,5 foizga arzonlashgandi.
Izoh (0)