Toshkentda 24-aprel kuni O‘zbekiston bosh vaziri Abdulla Aripov va Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi raisining o‘rinbosari Q.Toshiyev raisligida o‘zbek-qirg‘iz Davlat chegarasini delimitatsiya va demarkatsiya qilish masalalari bo‘yicha Hukumatlar delegatsiyalarining navbatdagi qo‘shma yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston bosh vaziri matbuot xizmati xabar berdi.

Muzokaralar davomida O‘zbekiston – Qirg‘iziston Davlat chegarasi loyiha chizig‘ining chegaraning oxirgi tartibga solinmagan uchastkasidan o‘tishi to‘g‘risidagi Bayonnoma hamda O‘zbekiston hukumati va Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi o‘rtasidagi “Chashma” bulog‘idan birgalikda foydalanish to‘g‘risidagi Bitim loyihasining asosiy shartlari tasdiqlandi.
Tomonlar “Chashma” bulog‘i O‘zbekiston va Qirg‘iziston xalqlarining umumiy boyligi ekanini alohida ta‘kidladi. O‘zbekiston fuqarolarining ushbu buloqdan erkin va to‘siqsiz foydalanishi, o‘zbek tomoni buloqning uchdan ikki qismidan foydalanishini ta‘minlash hamda manbaning suv resurslari hajmi va sifatiga ta‘sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan har qanday xatti-harakatlarni o‘zbek tomoni bilan muvofiqlashtirish to‘g‘risida kelishuvlarga erishildi.
Shuningdek, tomonlar do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilik ruhida ikki mamlakat fuqarolarining “Chashma” bulog‘idan to‘laqonli foydalanishiga to‘sqinlik qiluvchi har qanday chora-tadbirlarga yo‘l qo‘ymaslikka kelishib oldi.
Tomonlar qisqa muddat ichida O‘zbekiston hukumati va Qirg‘iziston Vazirlar Mahkamasi o‘rtasida “Chashma” bulog‘idan birgalikda foydalanish to‘g‘risida bitim hamda O‘zbekiston va Qirg‘iziston Davlat chegarasi uchastkasi to‘g‘risida shartnomani muvofiqlashtirish va imzolashga kelishib oldi.

Muzokaralar davomida o‘zbek-qirg‘iz davlat chegarasi orqali ayrim o‘tkazish punktlarning holati va ish tartibi bo‘yicha umumiy pozitsiyalar ham kelishib olindi. O‘zbek-qirg‘iz davlat chegarasi orqali fuqarolarning qatnovi va yuk tashishlarini sezilarli darajada yengillashtirishga yordam berayotgan o‘tkazish punktlari bo‘yicha umumiy yondashuvni ishlab chiqish yuzasidan o‘tkazilayotgan ikki tomonlama muzokaralarga yuqori baho berildi.
Ikki mamlakat fuqarolari uchun qulay shart-sharoitlar yaratish maqsadida 2004-yildagi O‘zbekiston – Qirg‘iziston davlat chegarasidagi o‘tkazish punktlari to‘g‘risidagi bitimga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi bayonnomani imkon qadar tezroq imzolash muhimligi qayd etildi.
Tomonlar tez orada ikki mamlakat vakolatli organlari vakillaridan iborat ishchi guruhlarining uchrashuvini o‘tkazishga kelishib oldi.
Muzokaralar yakuni bo‘yicha tegishli Bayonnoma imzolandi.
Izoh (0)