AQSH urush sababli ko‘rsatilgan harbiy yordam uchun Ukraina qaytarishi kerak bo‘lgan qarz miqdorini uch baravar kamaytirdi. Bu haqda manbalarga tayanib, Bloomberg xabar berdi.

Vashington avvalroq qarzni 300 milliard dollarga baholagan bo‘lsa, endi uni 100 milliard dollarga tushirdi. Qarz miqdorini qayta ko‘rib chiqishga Ukrainaning foydali qazilmalari bo‘yicha muzokaralar turtki bo‘lgan. Vashingtonda o‘tgan hafta oxirida AQSH va Ukraina o‘rtasidagi tabiiy resurslar bo‘yicha muzokaralar bo‘lib o‘tdi.
AQSH ko‘rsatilgan harbiy yordamga javoban Ukraina foydali qazilmalaridan foydalanish huquqini qo‘lga kiritmoqchi. Kelishuvni fevral oyi oxirida tuzish rejalashtirilgan edi. Shartnomani imzolash uchun 28-fevral kuni prezident Vladimir Zelenskiy boshchiligidagi Ukraina delegatsiyasi Vashingtonga keldi. Biroq Oq uyda AQSH prezidenti Donald Tramp va vitse-prezident Jey Di Vens bilan janjaldan so‘ng, kelishuv imzolanmadi.
Mart oyi oxirida esa AQSH minerallar bo‘yicha kelishuvning yangi variantini tayyorladi. Unda Ukrainaning barcha foydali qazilmalariga kirish haqida so‘z boradi. Bular qatoriga gaz va neft ham kiradi. Ukraina rasmiylari bu variantlardan biri ekanini, shartnoma muhokamasi esa davom etayotganini aytdi. Zelenskiy bir necha bor AQSH tomonidan ko‘rsatilgan harbiy yordamni qarz sifatida tan olmasligini ta’kidlagan.
Kelishuvning hozirgi tahririda Ukrainaning foydali qazilmalari, asosiy energetika aktivlarini o‘zlashtirishi, bo‘lajak investitsiyalar ustidan nazoratni qo‘lga kiritishi ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, u tabiiy resurslardan foydalanish bilan bog‘liq infratuzilmani qamrab oladi: avtomobil va temiryo‘llar, quvurlar, portlar va qayta ishlash zavodlari shular jumlasidandir.
Ukrainaning neft, gaz va foydali qazilmalarni qazib olish bo‘yicha loyihalaridan tushgan daromadlar ikki davlat o‘rtasida maxsus investitsiya jamg‘armasi tomonidan taqsimlanadi. Shu bilan birga, AQSH foydani birinchi bo‘lib oladi va infratuzilma loyihalariga ustuvor huquqlarni, shuningdek, resurslarni uchinchi tomonlarga sotishga veto qo‘yish huquqini saqlab qoladi.
Ukraina hukumati yangi loyihani avval erishilgan kelishuv bilan solishtirganda “orqaga qadam” deb hisoblamoqda. Ularning fikricha, hujjat avval Zelenskiy tomonidan rad etilgan dastlabki versiyaga o‘xshaydi.
Izoh (0)