Yevropa Ukrainaga tinchlikparvar kuchlar sifatida 25 ming askar yuborishi qiyin bo‘ladi, chunki armiya yetarli tarkib va moliyalashtirishga ega emas. Bu haqda manbalarga tayanib The Times xabar berdi.

Buyuk Britaniya mudofaa shtabi boshlig‘i Toni Radakin Ukrainaga yuborish uchun hamkasblaridan 64 ming kishilik kontingent tuzishni so‘ragan. Biroq keyingi uchrashuvlarda Yevropa davlatlari mudofaa vazirlari buning imkoniyati yo‘qligini aytgan. Ular hatto 25 ming kishilik kontingent ham birgalikdagi sa’y-harakatlarni talab qilishini ta’kidlagan.
Mudofaa vazirlari 10-aprelda bo‘lib o‘tgan “ko‘ngillilar koalitsiyasi” yig‘ilishida o‘z shubhalarini bildirgan. Keyin esa Bryusselda tor doiradagi uchrashuvda muhokama qilishgan. Ular Britaniya mudofaa vaziri Jon Xiliga 2 yil davomida rotatsiyani hisobga olgan holda, bunday miqdordagi kontingentga jami 256 ming askar kerak bo‘lishini aytgan.
Qaysi davlatlar qo‘shin yuborishga tayyor?
Britaniya Ukrainaga 10 minggacha harbiy yuborishga tayyor. Fransiya ham besh mingdan 10 minggacha askar yuborishi mumkinligini bildirgan.
Manbalar aytishicha, Estoniya va Finlyandiya har qanday harbiy joylashtirish ularning o‘z chegaralarini himoya qilish kuchini susaytirishidan xavotirda. Polsha, Ispaniya va Italiya esa ochiqchasiga o‘z qo‘shinlarini yubormasligini bildirgan. Yana bir manbaga ko‘ra, Finlyandiya va Germaniya quruqlikdagi qo‘shin yuborishga umuman qarshi, biroq Berlin bu qarorni to‘liq inkor etmagan.
Yevropa davlatlari Rossiya hujum qilgan taqdirda qanday yo‘l tutishdan ham xavotirda. Ehtimoliy rejalarga ko‘ra, Britaniya va Fransiya harbiy instruktorlari g‘arbiy Ukrainaga yuboriladi, ammo ular front chizig‘i yaqinida bo‘lmaydi, asosiy obyektlarni qo‘riqlamaydi yoki Ukraina qo‘shinlarini himoya qilmaydi.
Rossiyaning boshqa davlatlarga ehtimoliy hujumi: mavzuga oid yangiliklar
NATO doiralaridagi manbalarga ko‘ra, Rossiya Finlyandiya va NATOning sharqiy qanotidagi boshqa davlatlarga hujum qilish rejasini ishlab chiqqan. Gap Rossiya armiyasining bir nechta bo‘linmalarining bir vaqtning o‘zida hujumi haqida ketmoqda. Unga o‘n minglab askar jalb qilinishi ehtimoli borligi aytilgan.
Financial Times nashriga ko‘ra, Rossiya Yaponiya va Janubiy Koreya bilan ehtimoliy urush uchun nishonlarning batafsil ro‘yxatini tuzgan. Ro‘yxatga 160 ta harbiy va fuqarolik infratuzilmasi obyektlari — atom elektr stansiyalari, ko‘priklar, zavodlar va qo‘mondonlik punktlari kiritilgan. 2008—2014-yillardagi maxfiy hujjatlar X-101 raketalari bilan zarbalar berishni va Yaponiya hamda Janubiy Koreyaning havo mudofaasini tekshirishni tasvirlaydi.
Yevropa diplomatiyasi rahbari Kaya Kallas Rossiya 2028-yildayoq Yevropa Ittifoqiga hujum qilishi mumkinligini aytib, Yevropani mudofaa xarajatlarini oshirishga chaqirgan. NATO bilan urush 4-6 yildan keyin bo‘lishi mumkinligi ta’kidlangan.
Izoh (0)