Ukrainadagi urush vaqt o‘tishi bilan yadroviy eskalatsiyaga aylanib ketishi mumkin. Bu haqda AQSH vitse-prezidenti Jey Di Vens amerikalik podkaster Charli Kerkka bergan intervyusida ma’lum qildi.

Vens agar urush yana bir necha yil davom etsa, Ukraina unda g‘alaba qozona olmasligini ma’lum qildi. U urush cho‘zilsa, Rossiya yutqazishi haqidagi ritorikani rad etdi.
Agar bu to‘xtamasa, ukrainaliklar urushda g‘alaba qozona olmaydi, dedi Vens.
AQSH vitse-prezidenti bunday holatda ikkala davlat ham demografik muammolarga duch kelishini ta’kidladi. U yana millionlab odamlar halok bo‘lishi va mojaro “yadro urushiga aylanishi mumkin”ligini aytdi.
Tramp prezidentligining dastlabki 100 kunida muzokaralarda erishilgan yutuqlar haqidagi savolga Vens quyidagicha javob berdi.
Ruslar va ukrainlar urushni to‘xtatdimi? Yo‘q. Ammo biz, shubhasiz, uch oy ichida oldingi uch yilga qaraganda ko‘proq yutuqlarga erishdik, dedi siyosatchi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, Ukrainada ham, Rossiyada ham, Yevropada ham — “ba’zan norozilik bilan bo‘lsa-da” — Tramp diplomatiyasi “vaziyatni har qachongidan ham ko‘proq oldinga siljitganini” tan olishgan. Bu “katta yutuq” hisoblanadi.
Vens muzokaralar borasida u “ikki hafta oldingiga qaraganda bugun o‘zini ko‘proq optimistik his qilayotgani”ni aytdi.
Ba’zida ukrainaliklardan, ba’zida ruslardan hafsalangiz pir bo‘ladi, lekin muzokaralar tabiati shunday. Ba’zida muzokaralarda oldinga yurib, keyin orqaga qaytasiz, va shunchaki qo‘llaringizni tushirgingiz keladi. Lekin Prezident Tramp bunga yo‘l qo‘ymaydi, deya xulosa qildi u.
23-aprel kuni Hindistonga tashrifi chog‘ida Vens agar Moskva va Kiyev Vashingtonning urush tugagandan keyingi aniq rejasiga rozi bo‘lmasa, AQSH muzokaralardan chiqishini aytgandi.
Biz har ikki tomonga, Rossiya va Ukrainaga juda aniq taklifni ilgari surdik. Ularga “ha” deyish vaqti keldi yoki AQSH bu jarayondan chiqishi kerak, degan Vens.
Izoh (0)