Aktrisa va instabloger Luiza Rasulova 24-aprel kuni 30 yoshni qarshi oldi. Ijtimoiy tarmoqdagi keskin chiqishlari bilan tanilgan aktrisaning hayot va ijod yo‘liga nazar tashlaymiz.
Luiza Rasulova bugungi kunda o‘zbek shou-biznesidagi eng ko‘p muhokama qilinadigan aktrisalardan. U hamkasblari tomonidan ma’naviy “hujum”ga uchragan, Turkiyaning yuqori reytingli serialini ochiq sahnalar sabab rad etgan va keyinchalik bundan afsuslangan.
“Dadamning vafotidan keyin bozorda kiyim-kechak sotganman”
Luiza Rasulova bolaligi haqida gap ketganda, bozorda kiyim sotgani, onasi esa pul topish uchun qarindoshlarining uyini tozalaganini eslaydi.

— Bolaligimdan aktrisa bo‘lishni orzu qilmaganman, ammo shunga qobiliyatim bor edi. Bog‘cha, maktabdagi sahna ko‘rinishlarida faol edim, rollarim yaxshi chiqardi. Shu sababli ham rahmatli dadam “aktrisa qizim, bu aktrisa bo‘ladi”, deb erkalardilar. Lekin san’at sohasida o‘qishim uchun alohida kurslarga bormaganman. Dadam vafot etganlaridan so‘ng, shu kichik orzulari edi, deya aktrisa bo‘lishga qaror qilganman. Otamning o‘limidan keyin qiynalib qolganmiz. Ham maktabda o‘qib, ham ishlagan paytlarim bo‘lgan. Bozorda kiyim-kechak sotganman.
O‘sha vaqtlarda akam bilan men ishlaganman, onamni ishlatmaganmiz. Chunki yuragi kasal, otamning vafotidan so‘ng uning holati yanada yomonlashgandi. Xudoga shukr, bugungi kungacha ishlatmadik. Lekin nonsiz qolib ketgan paytlarimizda, birovlarning uyini, hatto, qarindoshlarimizning uylarini tozalab, bizga non topib kelgan paytlari bo‘lgan, deya xotirlaydi u.
“Ilk mashinamni 19 yoshimda sotib olganman”
Luiza Rasulova 16 yoshida “O, Maryam, Maryam” filmida suratga tushgan, undan avval esa “Xazina” filmida bosh qahramonni mahorat bilan ijro etib ulgurgan. Shu kunga qadar ko‘plab filmlarda suratga tushgan aktrisa ijodidagi eng omadli rolini “O, Maryam, Maryam” dagi obrazi deb hisoblaydi.

— Maktab vaqtlari Chirchiqdan Toshkentga, “O‘zbekfilm”ga qatnardim. Meni azaldan taniydigan rejissyorlar biladi, qo‘ng‘iroq qilib “iltimos, meni kinoga qabul qiling, bir marta imkon bering”, deb tinmasdim. Oxir-oqibat meni qabul qilishgan.
Ilk rolim Farrux Xamrayevning klipida suratga tushish bilan boshlangan. Kinodagi debyutim esa 15 yoshimda mahoratli aktyorlar ishtirokidagi “Yondiradi, kuydiradi” filmida bo‘lgan. Avvaliga estrada-sirk kollejida o‘qidim. So‘ng u yerdagi o‘qishim chala qoldi va men Ukraina, Kiyevdagi san’at oliygohiga hujjat topshirdim. Oliy ma’lumotga egaman, ammo ba’zi san’atkorlar menga “o‘qimagan qiz” deb tosh ham otib qo‘yishgan.

19 yoshimda o‘zimga birinchi shaxsiy avtomobil sotib olganman. Undan keyin 2019-yilda to‘y xizmatlari, syomkalar-u reklamadan ishlab topgan pullarimga Toshkentdan yangi xonadon xarid qildim. Bu uyim hech qanday reklama evaziga kelmagan. Ta’mirlatayotganimda ham hech bir buyum reklama orqasidan kirmagan, hammasini o‘zim qilganman, Xudoga shukur, deydi u.
“Syomkalarga hech qachon yolg‘iz bormayman”
Odatda san’atkor ayollarning oilasidagi erkaklar qizi yoki ayolining san’at yo‘lidan ketishini istamaydi. Xo‘sh, Luiza Rasulova ham bunday qiyinchiliklardan o‘tganmi?

— Oilamdagilar mening fe’l-atvorimni yaxshi biladi. San’atga kirib, yomon yo‘ldan ketmasligimga ham ishonishgan. Meni anchadan beri taniydigan insonlar biladi, hech qachon yolg‘iz o‘zim yurmayman. Qayerga borsam ham doim akam hamrohligida boraman. Hech qaysi to‘y, syomka, ko‘rsatuvga yolg‘iz bormaganman. Shuning uchun ham ko‘ngillari to‘q. Umuman, oilamda mening san’atimga qarshi bo‘lganlar yo‘q, deydi aktrisa.
“Instagram’imning 77 foiz kuzatuvchisi — erkaklar”
Aktrisaning Instagram’dagi rasmlari alohida mavzu. Unga eng ko‘p shu mavzuda savol berishadi. Xo‘sh, u nima sababdan o‘z sahifasiga asosan tor kiyimlarda tushgan rasmlarini joylaydi?

— Instagram sahifamni 77 foiz erkaklar, 33 foiz ayollar kuzatadi. Nafaqat O‘zbekiston, balki MDH davlatlari, Rossiya, Qozog‘iston, Qirg‘iziston… Ular meni juda yaxshi taniydi. To‘g‘ri, men tor kiyinaman. Ochiq kiyinishim ham mumkin. Lekin me’yoridan oshib ketmagan. XXI asrda yashayapmiz. Ko‘chadagi qizlar ham shim kiyadi, tor kiyinadi. Lekin faqat san’atkorning kiygan kiyimi odamlarga ko‘rinadi. Odam rasmda ham, videoda ham o‘zi xohlagan narsani ko‘radi, bu o‘zining tarbiyasiga bog‘liq. Buni ko‘p ta’kidlayman.
Dilnoza Kubayeva bilan meni solishtirish juda xato. Men yosh aktrisaman, Dilnoza opaning yoshi mendan kattaroq. Hammaning yo‘li, rizqi bo‘lak. Mening rolim Dilnoza Kubayevaga yoki uniki menga qolib ketmagan. Men kimgadir qarab, san’atga kirib kelmaganman. Kimdir meni yoqtirmaydimi, tomosha qilmasin.
“Meni musulmon emas, deb o‘ylashadi”
Aktrisa ismi Luiza bo‘lgani sababli ko‘pincha noo‘rin gap-so‘zlarga duch keladi.

— Ijtimoiy tarmoqlarda rasmlarim ostiga yozilayotgan noo‘rin tanqid sababli ba’zida izohlarni yopib qo‘yaman. Menga “namoz o‘qi, musulmonmisan o‘zi”, deb yozishadi. Ammo o‘sha odamlarning yozayotgan gapini o‘qib bo‘lmaydi, hatto. Alhamdulilloh, musulmonman, lekin namoz o‘qimayman. Qisqa suralar o‘qiyman. Ismim Luiza bo‘lgani uchun ko‘pchilik musulmon emas, o‘zbek emas deb o‘ylaydi. Unday emas, deydi aktrisa.
“Muhtasham yuz yil”ga taklif qilishgan
Aktrisa “Muhtasham yuz yil” seriali kastingida ishtirok etgani, Izabella roliga taklif qilingani, ammo serialdagi ochiq sahnalar tufayli surat tushishni rad etgani haqida gapirdi.

— “Muhtasham yuz yil” serialiga Ukrainada kasting bo‘lgan edi. Men serialdagi malika Izabella obrazi uchun sinov topshirganman. Turk rejissyorlari o‘shanda videoqo‘ng‘iroq orqali ham kasting o‘tkazgandi. Serialda ochiq sahnalar borligini bilganim uchun bu obraz menga to‘g‘ri kelmasligini tushunganman. Ularga qora sochli, osiyoliklarga xos tashqi ko‘rinishga ega qiz kerak bo‘lgan, men bu rolni rad etganman. Men o‘sha paytda juda yosh edim, hatto pasport ham olmagandim. Serial efirga uzatilganidan so‘ng unda suratga tushmaganimdan afsuslanganman. Chunki judayam yaxshi chiqqan, deydi Luiza Rasulova.
“Erkak hamkasbimdan ‘ko‘ngilni aynityapsan’ degan SMS kelgan”
Luiza agar ortga qaytish imkoni bo‘lganda, san’at yo‘lini tanlamasligi haqida gapirdi.

— 20 yil ortga qaytish imkonim bo‘lganda, san’atni tanlamagan bo‘lardim. Chunki ayol kishi uchun san’atda “yashab qolish”, uning yukini ko‘tarish oson emas. Yosh aktrisalarni hamkasblari qo‘llab-quvvatlashi kerak, shunda o‘sish bo‘ladi. Men ijodga endi kirib kelganimda hamkasblarim yangi chehra sifatida oddiy qabul qilgan, hech qanday negativ bo‘lmagan. Ammo so‘nggi yillarda meni juda ko‘pchilik yomon ko‘rib qoldi. Nega, sababini bilmayman. Men boshlovchilik ham qilaman. To‘g‘ri, suxandonlik yoki jurnalistikani bitirmaganman, lekin bu mening daromadim, onamni boqishim kerak. Ammo ba’zida hech bir sababsiz professional boshlovchilardan turli “hamlalar”, negativlar bo‘ladi. Ularga yomonligim tegmagan yoki to‘yini olib qo‘ymaganman.

Bir kuni kechasi soat 2:00 da menga professional erkak boshlovchidan sms keldi. “Odamning ko‘nglini aynityapsan, u yeringni, bu yeringni reklama qilyapsan. O‘qimagansan, o‘qigan aktrisalarning nomiga dog‘ tushiryapsan”, degan gaplarni yozgan. Bu ochiq hamla. Men u inson bilan to‘ylarda ko‘rishib qolsam, akamdek yaxshi muomalada bo‘lardim. Lekin nega menga o‘zidan-o‘zi bunday yozganini tushunmadim. Ayol kishi yozsa-ku, tushunardim, chunki ayol ayolni “ko‘ra olmasligi” tabiiy hol, deydi aktrisa.
“Qarovsiz hayvonlarga yordam berib ham negativga uchradim”
Aktrisa Luiza Rasulova qarovsiz qoldirilgan va shafqatsiz munosabat qurboni bo‘lgan itlarga yordam berib odamlardan salbiy munosabat olgan. Ba’zi erkaklar Luiza joylagan postga“It itga yordam beradi-da” kabi izohlar yozgan. Aktrisa tabiatan jonzotlarga juda mehribon. O‘zi ham uyida Gosha laqabli gapiruvchi to‘tiqush boqadi.
-YFX7aS7s.avif)
— Qarovsiz qoldirilgan va shafqatsiz munosabat qurboni bo‘lgan itlarga yordam berib odamlardan eshitmagan gapim qolmadi. Turli gaplar suyak-suyagimdan o‘tib ketdi. To‘g‘risi, aybim nimadaligini bilolmayapman. Nima qildim, aybim nima dedim. Hayvonlarga o‘zimni ko‘zim bilan ko‘rayotgan munosabatni ko‘rsatish kerak degan maqsadda ularga yordam berishni targ‘ib qildim. Itlarni o‘ldirib yuborish kerak, degan gaplarni yozgan insonlar insonlarni o‘ldirishdan toymaydi. Bu narsani baholash odamlarga emas, qilishni xohlagan ishimni qildim, deydi aktrisa.
“Qishloq yigitiga ham turmushga chiqaveraman”
Luiza Rasulova turmush o‘rtog‘i san’atdan voz kechishini istasa, uning shartini qabul qiladimi?

— Oddiy qishloq yigitiga ham turmushga chiqishim mumkin, lekin osmondan tushgandek kelib, san’atni yig‘ishtir, desa, indamay tegib ketavermayman. Chunki ming mashaqqat bilan san’atda o‘z o‘rnimni topganman. U inson san’atni tashlaganimdan so‘ng ham zerikmasligimga sharoit yaratib bersa, nega yo‘q? Aynan pul, boylikni nazarda tutmayapman, deydi Luiza Rasulova.

Aktrisa 2019-yilda “Ro‘zg‘orga barakat” shaxsiy fondini ochgan. Fond faoliyati vaqti-vaqti bilan to‘xtab tursa-da, u o‘z hisobidan ham ehsonga muhtoj insonlarga yordam berib keladi.
Izoh (0)