Ukrainaga qarshi Rossiya armiyasi safida jang qilgan shimoliy koreyaliklarning 600 ga yaqini halok bo‘lgan. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Janubiy Koreya razvedkasiga ko‘ra, yaradorlarni hisobga olgan holda KXDRning umumiy yo‘qotishlari 4700 kishidan oshadi. Qurbonlar Kursk viloyatida krematsiya qilingan. Aynan shu hududga Shimoliy Koreya harbiy kuchlari yuborilgan edi.
Rossiya tomonida urushda ishtirok etgan Shimoliy Koreya harbiylarining jangovar salohiyati ancha oshgan. Ular dronlar kabi yangi turdagi qurollardan foydalanishni o‘rgangan. KXDR urushga taxminan 15 ming nafar harbiyni yuborgan bo‘lishi mumkin.
Ular Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Inning shaxsiy buyrug‘i bilan Kurskka jo‘natilgan. Bu 2024-yil iyun oyida Rossiya bilan imzolangan strategik hamkorlik to‘g‘risidagi ikki tomonlama shartnoma asosida amalga oshirilgan. Rossiya prezidenti Vladimir Putin harbiylarni yuborgani uchun Kim Chen Inga minnatdorlik bildirgan.
KXDR rahbari esa harbiylarni “qahramonlar” deb atagan, ularning Rossiya hududini ozod qilish operatsiyasidagi ishtirokini “muqaddas missiya” deb baholagan. Shuningdek, Pxenyanda harbiylar sharafiga yodgorlik o‘rnatilishini ma’lum qilgan.
Yanvar oyida Ukraina armiyasi Kursk viloyatida shimoliy koreyalik ikki askarni asirga olgandi. Prezident Vladimir Zelenskiy 12-yanvar kuni ular so‘roqqa tutilgani aks etgan videoni e’lon qilgan. So‘roq paytida KXDR askarlari qayerdaligini bilmasligi, ularga bu faqat o‘quv mashg‘uloti deb aytilganini ta’kidlagan.
Izoh (0)