Rossiyaning neft daromadlari aprel oyi o‘rtalariga kelib 2023-yil iyulidan buyon eng past ko‘rsatkichga yetdi. Bu haqda Bloomberg Rossiya portlaridan yuklarni jo‘natish va Urals asosiy eksport navi narxlari to‘g‘risidagi ma’lumotlarga asoslanib xabar berdi.

AQSH va Xitoy o‘rtasidagi savdo urushi fonida ta’minot pasayishi uchinchi haftadan beri davom etmoqda. Bu global o‘sishga va shunga mos ravishda neftga bo‘lgan talabga tahdid solmoqda. Natijada 13-aprelda jo‘natish kuniga 3,13 barrelgacha kamaygan, bu fevral oyidan beri eng past ko‘rsatkich bo‘ldi.
Yetkazib berishning umumiy qiymati haftasiga 1,29 milliard dollarga tushgan. Bundan oldin Argus narxlar agentligi Urals narxi bir barrel uchun 50 dollardan pastga tushganini ma’lum qilgandi.
Nashrning ta’kidlashicha, OPEK+ sakkiz mamlakatining neft qazib olish bo‘yicha cheklovlarni tezroq bekor qilish haqidagi kutilmagan qarori narxlarga qo‘shimcha bosim o‘tkazadi, ammo Moskvaga darhol foyda keltirmaydi. Oktyabrgacha Rossiya kompaniyalari, agar ular o‘z majburiyatlarini bajarmoqchi bo‘lsa, o‘tmishdagi ortiqcha ishlab chiqarishni qoplash uchun qazib olishning hozirgi darajasini saqlab qolishlari kerak bo‘ladi.
Urals narxlarining hozirgi darajasi xomashyoni yetkazib berishda G‘arb tankerlari va sug‘urta kompaniyalaridan foydalanishga imkon beradi. Bu esa yetkazib berishni osonlashtirishi mumkin. Biroq Rossiya byudjeti xomashyoning ancha yuqori narxini hisobga olgan holda qabul qilingan, hatto byudjet qoidasidagi kesish narxi bir barrel uchun 60 dollarni tashkil etadi. Bu shuni anglatadiki, agar Urals arzonroq sotilsa, yo‘qotilgan daromadlar Milliy farovonlik jamg‘armasi (MFJ) mablag‘lari hisobidan qoplanadi.
Avvalroq Rossiya hukumati “Rosstat” tomonidan Rossiyada neft va gaz qazib olish to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qilish bo‘yicha amaldagi taqiqni 2026-yil 1-aprelgacha uzaytirganini ma’lum qilgan edi.
“Gazprom”ning 2024-yildagi sof zarari, bir yil avvalgi 695,57 milliard rubl foyda o‘rniga 1,076 trillion rublni tashkil etgani xabar qilingandi.
Izoh (0)