Mamlakatda tabiiy gaz qazib olish hajmi sezilarli qisqarayotgani sabab import ulushi tez o‘sib bormoqda. Xususan, 2020-yilda 50,4 mln dollarlik gaz import qilingan bo‘lsa, 2023-yilda bu raqam 695 mln dollarga yetgan.
Kutilmagan kutilmalar
O‘zbekistonda qazib olinayotgan tabiiy gaz hajmi yildan yilga qisqarishda davom etmoqda. Xususan, 2023-yilda respublikada so‘ngi yetti yil ichidagi eng kam — 46,7 mlrd metr kub gaz qazib olindi. Bu 2017-yildagi ko‘rsatkichdan (56,4 mlrd metr kub) 9,7 mlrd metr kub kam degani.
Mazkur raqamlar mamlakatda gaz qazib olish bilan shug‘ullanuvchi barcha kompaniyalarning umumiy ko‘rsatkichidir. Ular orasida “O‘zbekneftgaz” AJ eng yirik gaz ishlab chiqaruvchi hisoblanadi.
Ayrim manbalarga ko‘ra, 2022-yilda mamlakatda qazib olingan gazning (51,6 mlrd metr kub) 30 foizdan ortig‘i Rossiya kapitali ishtirokidagi kompaniyalar hissasiga to‘g‘ri kelgan. O‘sha yili “O‘zbekneftgaz” 32,2 mlrd metr kub gaz qazib olgan.
Kompaniya masʼullaridan biri jurnalistlar bilan muloqotda 2023-yilda ham 32,2 mlrd metr kub gaz qazib olish rejalashtirilganini aytgan. Aslida, dastlabki prognozlar 34,1 mlrd metr kub bo‘lib, gaz qazish hajmi kamayib borayotgani sabab 32,2 mlrd metr kubga pasaytirilgan. Kompaniya axborot xizmati hozirgacha o‘tgan yili qancha gaz qazib olingani to‘g‘risidagi maʼlumotlarni ochiqlamadi.
Kelgusi ko‘rsatkich yana pasayadimi?
Prognozlarga qaralsa, 2023-yilda “O‘zbekneftgaz” AJ qazib olgan gaz hajmi o‘tgan yilgi umumiy ko‘rsatkichning (46,7 mlrd metr kub) 70 foiziga yaqinlashadi.
Bu galgi raqamlar o‘tgan yildagidan yomonroq bo‘lishi mumkin. Joriy yilgi davlat dasturida belgilanishicha, “O‘zbekneftgaz” 2024-yilda 29,3 mlrd metr kub gaz ishlab chiqarishni rejalashtirgan. Bu o‘tgan yildagi hajmdan deyarli 3 mlrd metr kubga kam degani.
Gaz qazib olish hajmini oshirishi uchun hukumat “O‘zbekneftgaz” AJni maksimal qo‘llab-quvvatlab keladi. Yangi konlar izlash, burg‘ilash, ta’mirlash ishlariga yuzlab million dollar sarflanadi. Shunga yarasha natija ham kutilganidek bo‘lyaptimi?
Ko‘proq gaz qazib olish yo‘lidagi sarmoyalar
2023-yilga mo‘ljallangan investitsiya dasturiga ko‘ra, o‘tgan yili “O‘zbekneftgaz” tomonidan uglevodorod qazib chiqarishni ko‘paytirish uchun neft va gaz quduqlarini qayta tiklash ishlariga 100 mln dollar sarflanishi belgilangan. Respublikaning investitsiya bloklarida geologik-qidiruv ishlarini amalga oshirish uchun ham 100 mln dollar ajratilishi ko‘zda tutilgan. Shuningdek, tuzilmaviy korxonalardagi modernizatsiya va rekonstruksiya ishlari uchun 48,8 mln dollar sarmoya kiritish rejalashtirilgan.
Bundan tashqari, o‘tgan yili 2017–2023-yillarda uglevodorod xomashyosi qazib chiqarish hajmlarini ko‘paytirish dasturini yakunlash belgilangan. Hujjatda loyihaning umumiy qiymati 3 mlrd dollarni tashkil etishi aks etgan bo‘lsa, shundan 1,15 mlrd dollari 2023-yilda o‘zashtirilishi kerak bo‘lgan. Loyiha amalga oshishi natijasida respublika bo‘yicha 100 mlrd metr kub tabiiy gaz, 1,5 mlrd tonna gaz kondensatini qazib olish ko‘zda tutilgan.
Dasturda Sechanko‘l, Oqjar va Chimboy investitsion bloklarida geologiya-qidiruv ishlarini olib borish hamda Urga, Oqchaloq va Chandir guruhi konlarida qazish ishlarini amalga oshirish loyihasiga 701 mln dollar sarflanishi ko‘rsatilgan.
Joriy davlat dasturida esa 2024-yil davomida “O‘zbekneftgaz” AJ tomonidan 95 ta ishlatish qudug‘ini burg‘ilash, 81 ta quduqda murakkab turdagi kapital taʼmirlash ishlarini olib borish hisobiga ularni ishlab chiqarishga qaytarish, 42 ta texnologik tadbirni amalga oshirish belgilangan. Bajarilgan ishlar evaziga 29,3 mlrd metr kub tabiiy gazni qazib chiqarish ko‘zda tutilgan.
Investitsiya dasturida esa “O‘zbekneftgaz” tomonidan gaz qazib olishni ko‘paytirishga qaratilgan loyihalarga qancha sarflanishi ko‘rsatib o‘tilgan. Jumladan, bu yil Mo‘ynoq, Qorako‘l, G‘uzor, Mirishkor va Muborak tumanlarida 321 million dollar evaziga gaz quduqlarini burg‘ilash va jihozlash ishlari olib boriladi. Mazkur tumanlardagi konlarda quduq usti kompressor stansiyalarini qurish loyihasi uchun 200 million dollar ajratiladi. Shu bilan birga, ushbu tumanlarda geologiya-qidiruv ishlarini amalga oshirish uchun 79,6 mln dollar yo‘naltiriladi.
Mo‘ynoq, Qorako‘l, G‘uzor, Mirishkor va Muborak tumanlaridagi quduqlarda taʼmirlash ishlarini olib borishga 45 mln dollar sarflanadi.
O‘zbekiston gaz zaxiralari
2023-yil avgustida “O‘zlitineftgaz” AJ raisi Ulug‘bek Nazarov jurnalistlar bilan suhbatlashib, “O‘zbekneftgaz” konlaridagi asosiy zaxiralarning yarmidan ko‘pida gaz qazib olinganini aytgandi.
Masalan, “Lukoyl” konlaridagi zaxiralarning 30 foizi olingan. Shuning uchun ularda mahsuldorlik barqaror. Bizning asosiy konlarimizda esa 50–70 foizdan ko‘p zaxiralar olingan. Buxoro va Qashqadaryodagi 80 foiz konlar topib bo‘lingan. U yerlarda gaz konlarining 20 foizi qolgan va ular kichik-kichik konlar, — degan mutaxassis.
Hozirda “O‘zbekneftgaz” tasarrufidagi neft va gaz qazib chiqarishning asosiy hajmi Qashqadaryo viloyatidagi “Sho‘rtan” va “Muborak”, Buxorodagi “Gazli” hamda Qoraqalpog‘istondagi “Ustyurt” konlari hissasiga to‘g‘ri keladi.
Respublikada barcha konlardagi gaz zaxiralarining umumiy hajmi 1,8 trillion metr kubni tashkil etadi. Mazkur zaxiralarning 50 foizi — 900 milliard metr kubi “O‘zbekneftgaz” konlariga tegishli.
O‘sib borayotgan gaz importi
Statistika agentligi bergan maʼlumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston xorijdan 2020-yilda 50,4 mln dollarlik, 2021-yilda 154,5 mln dollarlik, 2022-yilda 281,9 mln dollarlik gaz import qilgan. 2023-yilda esa gaz importi hajmi qolgan yillarga qaraganda sezilarli darajada oshib, 694,9 mln dollarga yetgan.
Joriy yilda gaz importi hajmi rekord darajada o‘sishi mumkin. Chunki respublika yanvar–fevral oylarida 166,7 mln dollarlik gaz import qildi. Bu ko‘rsatkich 2021-yildagi yillik raqamlardan ko‘ra ko‘proqdir.
O‘zbekiston 2023-yil 7-oktyabrdan Qozog‘iston hududi orqali “Markaziy Osiyo—Markaz” gaz quvurida Rossiyadan gaz importini boshlagan. UzGasTrade va “Gazprom eksport” MCHJ o‘rtasidagi ikki yillik shartnomaga ko‘ra, respublikaga kuniga 9 million kub metr yoki yiliga qariyb 2,8 milliard kub metr gaz yetkazib berish ko‘zda tutilgan.
O‘zbekistonga Rossiyadan gaz importini oshirish maqsadida magistral gaz quvurlarini modernizatsiya qilish dasturini amalga oshirish belgilangan. Dasturning birinchi bosqichida (2024—2030-yillarda) modernizatsiya ishlariga 500 million dollar ajratilishi rejalashtirilgan. Shu orqali tabiiy gaz qabul qilishni kuniga 32 million kub metrgacha oshirish ko‘zda tutilgan. Loyiha xorijiy kreditlar hisobidan moliyalashtiriladi.
Shuningdek, respublikada magistral gaz uzatish tizimini modernizatsiya qilish va samaradorligini oshirish dasturi (2021—2024-yillar) ham davom ettiriladi. Umumiy qiymati 483 million dollar bo‘lgan loyiha 511 kilometr magistral gaz quvurlari va 10 ta gaz nasos agregatini modernizatsiya qilishni ko‘zda tutadi.
Umuman olganda, O‘zbekistonda gaz qazib olish hajmi qisiqargani sari gaz importi hajmini oshirish harakatlari jadallashayotgandek.
Islombek Umaraliyev
Izoh (0)