Samarqand shahrida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri va Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Ma’lum qilinishicha, tomonlar ikki davlat o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlik masalalarini batafsil muhokama qilgan. Uchrashuv davomida oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amaliyotga tatbiq etish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan.
Xususan, davlat rahbarlari tomonidan belgilangan ittifoqchilik munosabatlarini mustahkamlash, siyosiy muloqotni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, madaniy va gumanitar bog‘liqliklarni chuqurlashtirish hamda ko‘p tomonlama tuzilmalar doirasida yaqin hamkorlikni davom ettirish bo‘yicha berilgan topshiriqlarni amalga oshirishda tashqi siyosat idoralari o‘rtasida yaqin hamkorlikni davom ettirishga kelishib olingan.

Shuningdek, tomonlar ta’lim, innovatsiyalar, infratuzilma, mintaqaviy xavfsizlik kabi ustuvor yo‘nalishlarda hamkorlikni kuchaytirishga urg‘u bergan.
Yig‘ilish davomida ikki mamlakat o‘rtasidagi investitsiya oqimlarini oshirish, biznes aloqalarni faollashtirish yo‘llari muhokama qilingan.

Ma’lumot uchun, Rossiya Tashqi ishlar vaziri Samarqandda ikki kunlik rasmiy tashrif bilan bo‘lib turibdi. Bugun, 23-aprel kuni u O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashdi.
Prezident matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, uchrashuv avvalida Lavrov davlat rahbariga Vladimir Putinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi.
Suhbatda O‘zbekiston—Rossiya do‘stlik, keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini oliy darajada erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish nuqtai nazaridan yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.
Bundan tashqari, O‘zbekistonga tashrif buyurgan Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Samarqanddagi “Motamsaro ona” yodgorligida rus tilidagi yozuv yo‘qligiga e’tibor qaratgan edi. Jamoatchilik Rossiya TIV vazirining so‘zlariga keskin javob qaytarmoqda.
Izoh (0)