London universiteti kolleji olimlari sayyorani sovitish uchun yangi samolyotlar yaratish o‘rniga mavjudlaridan foydalanish mumkinligini aniqladi. Bu usul atmosferaga quyosh nurini qaytaruvchi va Yer haroratini pasaytiruvchi mayda zarrachalar qo‘shish orqali amalga oshiriladi. Tadqiqot natijalari Earth jurnalida e’lon qilindi.

Ilgari bu maqsadda aerozollarni juda yuqoriga — ekvator atrofida 20 kilometr balandlikka ko‘tarish zarur, deb hisoblanardi. Bu esa maxsus samolyotlar yaratishni talab etardi. Yangi tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, agar zarrachalar Yer qutblariga yaqinroq, 13 kilometr balandlikda, masalan, Norvegiya yoki Alyaska hududlarida tarqatilsa, Boeing 777F kabi oddiy yuk tashuvchi samolyotlardan foydalanib sezilarli darajada sovitishga erishish mumkin.
Bu usul zarrachalarni ekvatorga yaqinroq va yuqoriroqda tarqatishga nisbatan biroz kamroq samarali bo‘ladi. Xuddi shunday ta’sirga erishish uchun taxminan uch baravar ko‘p modda ishlatish kerak bo‘ladi. Bu esa kislotali yomg‘irlar kabi salbiy oqibatlar xavfini oshiradi. Bundan tashqari, bu usul isish oqibatlari eng og‘ir bo‘lgan tropik hududlarni yaxshi sovita olmaydi.
Shunga qaramay, olimlar iqlim o‘zgarishiga qarshi kurashning barcha mumkin bo‘lgan usullarini o‘rganish muhimligini ta’kidlamoqda. Yangi texnika yaratilishini uzoq yillar kutgandan ko‘ra, mavjud samolyotlardan foydalanishni tezroq boshlash osonroq va arzonroq bo‘lardi.
Tadqiqotchilarning alohida ta’kidlashlaricha, bu usul issiqxona gazlari chiqindilarini kamaytirish zaruriyatini rad etmaydi. Global isish muammosining haqiqiy yechimi uglerod izini kamaytirishga erishishdir.
Bundan oldin Solar Orbiter o‘zining Extreme Ultraviolet Imager kamerasi yordamida to‘rt yarim soat ichida 200 ta alohida kadr olgani xabar qilingandi.
AQSHning Kolorado universiteti olimlari qadimgi Mars mo‘tadil sayyora bo‘lib, mavsumga qarab yomg‘ir va qor yog‘gan, yuzasi bo‘ylab soy va daryolar oqqanligini ma’lum qilishgandi.
Olimlar Yerdan 124 yorug‘lik yili uzoqlikda joylashgan okean bilan qoplangan K2-18b ekzosayyorasida hayot izlarini aniqlagandi.
Aprel oyi boshlarida Uran sayyorasida kun qancha davom etishi ma’lum bo‘lgandi.
Izoh (0)