Ijtimoiy tarmoqlarda Suriyaning sobiq prezidenti Hofiz Asadning jasadi eksgumatsiya qilinganini aks ettirgan video tarqaldi. Bu haqda Syria TV telekanali xabar bermoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, noma’lum shaxslar qabrni qaziyotganini ko‘rsatuvchi video 17-aprelda tarmoqda paydo bo‘lgan. Ularning Latakiya viloyatidagi qurolli guruhlar bilan aloqador bo‘lishi mumkinligi aytilmoqda.
“Sobiq prezident Hofiz Asadning qabri ochildi. Qora chuqurga aylangan qabr bo‘sh ekanligi aniqlandi. Noma’lum shaxslar jasad qoldiqlarini qabrdan noma’lum yo‘nalishga olib ketishdi”, deyiladi kanal saytidagi xabarda.
Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoda Asadlar oilasi maqbarasi ichida harbiy kiyimdagi bir necha erkak turganini ko‘rish mumkin. Bir nechta qabr toshlari yo‘q. Qabrning o‘zi qazib tashlangan.
Ynet nashrining yozishicha, Hofiz Asadning o‘g‘li — sobiq prezident Bashar Asad tarafdorlari jasadni haqoratlanishdan saqlash maqsadida qazib olgan bo‘lishi mumkin.
Asadlar oilasining maqbarasi Suriyaning Latakiya shahrida joylashgan. U yerga Hafiz Asadning katta o‘g‘li va Bashar Asadning akasi Basil ham dafn etilgan.

2024-yilning 8-dekabrga o‘tar kechasi muxolifatchi guruhlar Damashqni egalladi. Suriya armiyasi qo‘mondonligi Bashar Asad hukmronligi tugaganini e’lon qildi. Sobiq prezidentning o‘zi mamlakatni tark etib, Rossiyaga yo‘l oldi va u yerda boshpana oldi.
Shundan so‘ng Bashar Asad oilasining oilaviy maqbarasi 2024-yil dekabr oyida tahqirlandi. O‘shanda tarmoqlarda Hofiz Asadning tobuti yonayotganini ko‘rsatuvchi videolar paydo bo‘lgandi.
Suriya rasmiy hukumati hozircha sodir bo‘lgan voqeaga hech qanday izoh bermadi.
Hofiz al-Asad Suriyani 1971-yildan 2000-yilda vafot etgunga qadar boshqargan, so‘ng hokimiyat o‘g‘liga o‘tgan.
U Suriyadagi diniy ozchilikni tashkil etuvchi alaviylar oilasida tug‘ilib o‘sgan. Alaviylarning asosiy aholi markazi Turkiya chegarasi yaqinidagi O‘rta yer dengizi sohilidagi Latakiya viloyatida joylashgan.
Mamlakat aholisining taxminan 10 foizini tashkil etuvchi ko‘plab alaviylar Asadlar uzoq vaqt hokimiyatda bo‘lganida ularning qat’iy tarafdorlari bo‘lgan. Endilikda ularning aksariyati g‘olib isyonchilar tomonidan nishonga olinishidan xavotirda.
Izoh (0)