Olimlar Yerdan 124 yorug‘lik yili uzoqlikda joylashgan okean bilan qoplangan K2-18b ekzosayyorasida hayot izlarini aniqladi. Bu haqda The Telegraph xabar berdi.

Kembrij universiteti astronomlari sayyora atmosferasida dimetilsulfid (DMS) va dimetildisulfid (DMDS) molekulalarini aniqlagan. Bu birikmalar Yerda faqat dengiz fitoplanktonlari kabi tirik organizmlar tomonidan ishlab chiqariladi. Shu bilan birga, ekzosayyorada ularning konsentratsiyasi Yerdagidan ancha yuqori.
K2-18b sayyorasi Yerga nisbatan 2,6 baravar katta va 8,6 baravar massivroq. Bu sayyoradagi bir yil atigi 33 kun davom etadi, uning harorati esa Yer haroratiga yaqin. Mutaxassislar u okean bilan qoplangan bo‘lishi mumkinligini aytmoqda.
Ilgari uning atmosferasida metan va karbonat angidrid allaqachon topilgan, ammo yangi ma’lumotlar hayot mavjud bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Olimlar qo‘shimcha kuzatuvlar zarurligini ta’kidlamoqda.
Kashfiyotni tasdiqlash uchun teleskopdan yangi ma’lumotlar kerak bo‘ladi. Agar natijalar tasdiqlansa, bu Quyosh tizimidan tashqaridagi hayotni izlashda burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin.
Hozir biz begona (ya’ni Yerga o‘xshamagan) bir sayyorada hayot mavjudligidan darak beruvchi dastlabki ishoralarni ko‘ryapmiz. Bu esa inqilobiy lahza bo‘lishi mumkin, deydi Kembrij universitetining Astronomiya instituti professori Nikku Madhusudxan.
Izoh (0)