Xitoy Janubiy Xitoy dengizida Filippinga tegishli eng muhim harbiy bazalardan bir necha kilometr uzoqlikda joylashgan bahsli rifni o‘z hududi deb e’lon qildi. Bu haqda Xitoy markaziy televideniyesi xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, gap Spratli arxipelagidagi aholi yashamaydigan Sendi Key oroli haqida ketmoqda. Xitoy qirg‘oq qo‘riqlash xizmati orolda milliy bayroqni ko‘targan. Bu so‘nggi yillarda mintaqadagi bo‘sh turgan yer uchastkasining ilk bora rasman egallanishi bo‘ldi.
Reportajda ta’kidlanishicha, Pekin bu harakatni “suverenitetni e’lon qilish va Filippin tomonining noqonuniy faoliyati haqidagi videodalillarni to‘plash” maqsadida amalga oshirgan. Sendi Key — maydoni 200 kvadrat metrdan sal kattaroq bo‘lgan qumli sayozlikdan iborat. Biroq xalqaro qonunlarga ko‘ra, u 22 kilometr radiusdagi hududiy suvlar ustidan nazorat huquqini beradi. Bu hududga Filippin tomonidan Xitoyning Janubiy Xitoy dengizidagi faoliyatini kuzatish uchun foydalaniladigan Titu oroli ham kiradi.
Titu orolida 2023-yildan beri Filippin boshqaruvida bo‘lgan eng muhim tayanch punktlaridan biri joylashgan. Hozirda bu yerda infratuzilma, jumladan, uchish-qo‘nish yo‘lagi zamonaviylashtirilmoqda.
Filippin hozircha Sendi Keyda Xitoyning doimiy ishtiroki alomatlarini qayd etmagan. Mamlakat dengiz xavfsizligi boshqarmasi vakiliga ko‘ra, Xitoy qirg‘oq qo‘riqlash xizmati zobitlari bayroq o‘rnatib, suratga olgach, orolni tezda tark etgan.
Xitoyning rif ustidan yurisdiksiya e’lon qilishi 28-aprelda Spratli arxipelagi yaqinida boshlanadigan Filippin-Amerika harbiy mashg‘ulotlari arafasida sodir bo‘ldi. Ushbu mashg‘ulotlar qirg‘oq mudofaasi va orollarni egallash amaliyotlarini o‘z ichiga oladi.
Janubiy Xitoy dengizidagi hududiy nizolar Ikkinchi jahon urushidan keyin Yaponiya boy bergan ikki orol guruhi sababli yuzaga kelgan. Spratli arxipelagiga Xitoy va Filippindan tashqari Vyetnam, Tayvan, Malayziya va Bruney ham da’vogarlik qilmoqda.
Izoh (0)