Dunyoning ikki yirik iqtisodiyoti o‘rtasidagi savdo urushi avjida.
Xitoyning AQSHga eksporti 245 foizgacha boj talab qilayotgan bo‘lsa, Pekin Amerika importiga 125 foizlik yig‘im bilan javob qaytardi. Iste’molchilar, korxonalar va bozorlar orasida global retsessiya qo‘rquvi kun sayin kuchayib ketyapti.
Quyida Pekinning Donald Tramp bojlariga qarshi turish uchun arsenalida nimalar borligini BBC nashrida e’lon qilingan maqola orqali ko‘rib chiqamiz.

Xitoy qiyinchilikka bardosh bera oladi
Xitoy dunyodagi ikkinchi yirik iqtisodiyot bo‘lib, bu kabi qiyinchiliklarni yengishga qodir. Milliarddan ortiq aholiga ega bo‘lgan Xitoyning ulkan ichki bozori ham mavjud bo‘lib, u tariflardan aziyat chekayotgan eksportchilarning bosimini ancha yengillatishga qodir.
Trampning bojlari Xitoy Kommunistik partiyasiga mamlakat iste’mol salohiyatini oshirish uchun yanada kattaroq yo‘l ochib berdi.
Si Szinpin shu kunlarda xavotirli kayfiyatda bo‘lsa-da, Pekin o‘ziga ishonchni saqlab qolgan.
Xitoy kelajakka sarmoya kiritib kelmoqda
Xitoy har doim jahon fabrikasi bo‘lib kelgan. Prezident Si Szinpin davriga kelib texnologik ustunlik uchun AQSH bilan raqobatlashishga kirishdi.
Shu kungacha Xitoy qayta tiklanadigan energiya manbalari, chiplardan tortib sun’iy intellektgacha bo‘lgan mahalliy texnologiyalarga katta sarmoya kiritib kelyapti.
Bularga misol qilib, ChatGPT’ga raqib bo‘la oladigan DeepSeek chatbotini va o‘tgan yili Tesla’ni mag‘lub etib, dunyodagi eng yirik elektromobil ishlab chiqaruvchisiga aylangan BYD’ni keltirish mumkin. Shuningdek, Apple o‘zining qimmatli bozor ulushini Huawei va Vivo kabi mahalliy Xitoy raqobatchilarga boy berib kelmoqda.
Yaqinda Pekin SI sohasidagi innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlash uchun kelgusi o‘n yil ichida 1 trillion dollardan ortiq mablag‘ sarflashni rejalashtirayotganini e’lon qildi.

AQSH kompaniyalari o‘z ta’minot zanjirlarini Xitoydan uzoqlashtirishga harakat qilib ko‘rishdi, ammo ular boshqa joyda xuddi shu ko‘lamdagi infratuzilma va malakali ishchi kuchini topisha olmadi.
Trampdan saboqlar
2018-yilda Tramp Xitoy quyosh panellariga boj solganidan beri Pekin kelajak uchun reja tuza boshladi.
Xitoy Janubi-sharqiy Osiyo, Lotin Amerikasi va Afrika bilan savdoni kengaytirib AQSHdan ajralib chiqa boshladi.
AQSH endi Xitoyning eng yirik eksport bozori emas: bu maqom endilikda Janubi-Sharqiy Osiyoga tegishli. Xitoy 2023-yilda 60 ta davlat bilan savdo bo‘yicha sheriklik qildi. Bu esa AQSHdan deyarli ikki baravar ko‘p degani. 2024-yil oxirida Xitoy rekord darajadagi 1 trillion dollar foyda bilan dunyodagi eng yirik eksportchi bo‘ldi.
Xitoy endi Tramp qachon va nima qilishini bilib oldi
Tramp aprel oyi boshida keng qamrovli savdo bojlarini e’lon qildi. So‘ngra ularni 90 kunga muzlatib qo‘ydi. Keyin esa, Tramp Xitoy tovarlariga bojlar “sezilarli darajada pasayishini, ammo nolga teng bo‘lmasligini” aytib o‘tdi.
Ekspertlarning ta’kidlashicha, Pekin obligatsiyalar bozori Trampni “qiynab qo‘yishi” mumkinligini biladi. Aytib o‘tish joizki, Xitoy AQSH davlat obligatsiyalarida 700 milliard dollarga ega.
Noyob minerallar eksporti to‘xtatib qo‘yildi
Xitoyning yana bir katta yutuqlaridan biri bu uning ilg‘or texnologiyalar ishlab chiqarishda kerak bo‘ladigan noyob tuproq resurslarini qazib olish va qayta ishlashda deyarli monopolligidir.
Xitoyda elektromobillar va shamol turbinalaridagi magnitlarda ishlatiladigan disproziy va reaktiv dvigatellar uchun issiqlikka chidamli qoplama beradigan ittriyning ulkan konlari mavjud.
Pekin Trampning so‘nggi bojlariga allaqachon yettita noyob yer rudasi, jumladan, sun’iy intellekt chiplarini ishlab chiqarishda kerak bo‘ladigan ba’zi minerallar eksportini cheklash bilan javob berdi.
Xalqaro energetika agentligi hisob-kitoblariga ko‘ra, bugungi kunda noyob yer minerallarini qazib olishning qariyb 61 foizi va qayta ishlashning 92 foizi Xitoy hissasiga to‘g‘ri keladi.
Izoh (0)