U dunyodagi eng qimmat ajrim sababi bo‘ldi va u zalga kirganda, hatto Mark Sukerberg ham undan ko‘z uzolmaydi — bularning hammasi Amazon egasi Jeff Bezosning sevimli ayoli — Loren Sanches haqidagi ta’riflar edi. So‘nggi oylarda ijtimoiy tarmoqlarda, agar sevgilingiz Jeff Bezos kabi sizni dugonalaringiz bilan kosmosga yuborishga va Venetsiyani to‘y uchun ijaraga olishga tayyor bo‘lmasa, unda munosabatlarning maʼnosi yo‘q, kabi hazilomuz gaplar yuribdi. Dunyoning eng badavlat odamlaridan birining hamrohi va ilhom parisiga aylangan Loren Sanches qanday qilib Gollivuddan Silikon vodiysigacha bo‘lgan hududda eng nufuzli ayolga aylandi?

“Men mashinaning orqa o‘rindig‘ida uxlardim”
Loren Sanches 1969-yilda Albukerke shahrida tug‘ilgan. Uning oilasi tirikchilik qilish uchun kurashgan, shu sababli odamlar orasida o‘zini tanitish maqsadida Sanches doimo boshqalardan ikki baravar ko‘p ishlashi kerak edi. Universitetda o‘qish uchun pul yo‘q edi, ammo Loren stipendiya olishga erishdi va oliy maʼlumot oldi.
Ilgari men, buvim boshqalarning uyini tozalayotgan paytda mashinaning orqa o‘rindig‘ida uxlardim, deb eslaydi Sanches.

Universitetni tugatgandan so‘ng ayol darhol Los Anjelesdagi Channel 13 telekanaliga muxbir bo‘lib ishga kirdi va bir necha yil ichida u prodyuser lavozimiga ko‘tarildi.
Sanchesning jozibadorligi va xarizmasi tezda tomoshabinlarning e’tiborini qozondi. 1999-yilda u UPN News 13 dagi reportaj uchun “Emmi” mukofotini oldi. U shu bilan to‘xtamadi va turli xil Amerika kanallarida tinimsiz ishladi.

Men shunchaki o‘z yo‘limni topishga va o‘zimni ko‘rsatishga harakat qilardim, dedi u jurnalistika sohasidagi dastlabki qadamlarini eslab bir intervyusida.
Sanches erkaklar eʼtiboridan ham hech qachon mahrum bo‘lmagan. U televideniyeda ishlash davrida futbolchi Toni Gonzales bilan tanishdi va homilador bo‘ldi. 2001-yilda Loren o‘g‘il farzandni dunyoga keltirdi, ammo shunda ham sevgilisidan turmush qurish taklifi bo‘lmadi.
Ulg‘ayganingizda turmush qurish va farzandli bo‘lishni xohlaysiz, lekin keyinroq buni muvaffaqiyatli amalga oshirish qanchalik qiyinligini tushunasiz, dedi Toni Gonzales ko‘p yillar o‘tgach, ajralishdan keyin, Sanches bilan munosabatlari haqida.
Sanches endi nafaqat o‘ziga, balki farzandiga ham g‘amxo‘rlik qilishi kerakligini anglab, martaba zinapoyasidan yuqoriga ko‘tarilish uchun yangi yo‘llar izlay boshladi. U Fox kanalidagi “Raqs” — So You Think You Can Dance Amerika shousining birinchi boshlovchisi bo‘ldi va yana bir nechta “Emmi” mukofotiga nomzod bo‘lgan reportajlarni suratga oldi.

Bu safar jozibador va aqlli qora sochli ayol Gollivuddagi WME agentligi bosh direktori Patrik Uaytsell eʼtiborini jalb qildi. 2005-yilda juftlik shov-shuvli to‘y o‘tkazdi, unda Hyu Jekman kabi ko‘plab taniqli shaxslar ishtirok etdi, u yangi turmush qurganlar uchun romantik qo‘shiq ijro etdi, shuningdek, to‘y marosimida Mett Deymon va Ben Afflek ham bor edi.
Mett va Ben ko‘pincha bir-birlarini ko‘rmaydilar, shuning uchun biz ularni yonma-yon o‘tirishga majbur qildik, dedi Sanches People jurnaliga bergan intervyusida.
Turmushga chiqqandan so‘ng, Loren o‘z karyerasida kichik tanaffus oldi va o‘zini onalik vazifasiga bag‘ishladi. U yana ikkita farzandni dunyoga keltirdi: Evan ismli o‘g‘il va Ella ismli qiz. Uy bekasi roli Sanchesga umuman mos kelmadi va u yana ishga qaytishni xohladi. 2011-yilda u Extra kanaliga maxsus muxbir bo‘lib ishga kirdi.

Sevimli va taniqli millioner eri tomonidan berilgan mustahkam qo‘llab-quvvatlash uning karyerasida yangi pog‘ona bo‘ldi. Loren kinoda rol o‘ynadi va o‘zi uchun yangi hobbi — vertolyotda uchishni kashf etdi. Uning bu hobbisi Netflix, Fox va Amazon Studios uchun havodan suratga olish bilan shug‘ullanadigan Black Ops Aviation kompaniyasini ochishiga olib keldi. Serqirra ayolning aynan uchishga bo‘lgan muhabbati dunyoning eng boy odami Jeff Bezos bilan shov-shuvli romantik munosabatlarni rivojlantirishga turtki bo‘ldi.
“Men idish-tovoq yuvaman — bu meni yanada sevimli qiladi”
Loren Sanches va Jeff Bezos 2016-yilda “Manchester by the Sea” filmining premyerasida tanishishdi. Bu paytda Sanches kabi, Bezos ham 25 yillik turmushda yashayotgandi. Bezosning sobiq ayoli Makkenzi Skott bilan munosabatlar Jeff Amazonni tashkil qilishdan oldin boshlangan edi. Makkenzi birgalikda yashab o‘tilgan yillar davomida sevimli erini qo‘llab-quvvatladi va uning muvaffaqiyatiga ishongan edi.

Juftlik to‘rtta farzandni tarbiyalayotgan va tinch, sokin hayot kechirishardi. Jamoatchilikka oldida er-xotin ortiqcha nazarlardan qochishardi va faqat baʼzan bir-birlariga nisbatan romantik so‘zlar bilan jamoatchilikni xursand qilishardi.
Xotinim hali ham meni yoqtirishini aytadi. Men har kuni kechqurun idish-tovoq yuvaman — va bu uning ko‘zida meni yanada sevimli qilishini ko‘raman. Bu men uning uchun qiladigan barcha narsalarning eng ehtiroslisidir, deb hazillashdi milliarder.
Bezosning hayotida Sanches paydo bo‘lganidan keyin oilaviy tinchlikka darz ketdi. Hammasi biznes munosabatlaridan boshlandi: milliarder Black Ops Aviation’ga o‘z kompaniyalari uchun bir nechta roliklarni suratga olishni taklif qildi. Keyin uning o‘zi, garchi 2003-yildagi aviatsiya halokatidan keyin bundan juda qo‘rqsa ham, jozibali jurnalist bilan vertolyotda uchishga qaror qildi.

Uchrashuvlar Jeff o‘z his-tuyg‘ularini yashirmagan sevgi xatlari bilan mustahkamlandi.
2019-yilda Bezos va Sanches o‘z turmush o‘rtoqlari bilan ajrashish uchun ariza berishdi va o‘zlarini juftlik deb eʼlon qilishdi, ammo jamoatchilik uchun bu voqea romantik emas, balki janjalli tus oldi.
“Bu men bilgan Jeff emas”
Loren Sanchesning hayotiga kirib kelishi bilan Amazon egasi butunlay o‘zgarib, yopiq insondan ochiq va yorqin insonga aylandi. Jozibali sherigi bilan birga Jeff bayram kechalariga, mukofotlar bilan taqdirlash marosimlariga va moda tadbirlariga borishni boshladi.

Men Jeffni Amazon’ning dastlabki kunlaridan bilaman va uning so‘nggi davrdagi o‘zini tutishi umuman men kutgan insonga o‘xshamaydi. Bu men bilgan Jeff emas, dedi Page Six’ga Bezosning sobiq hamkasblaridan biri.
-_IWubR5R.avif)
Doimo zamonaviy kiyingan Sanchesga moslashish uchun Bezos o‘z imijini butunlay o‘zgartirdi: u zamonaviy brend kostyumlarini kiyib, avval yashirgan muskulli tanasini ochiqchasiga ko‘rsatishni boshladi.

Imij o‘zgarishi unga foyda keltirdi va 2020-yilda uning birinchi marta “Oskar” mukofotiga borganini ko‘rishdi, unga ahamiyat berishdi, aslida, Bezos u yerga birinchi marta borishi emasdi, shunchaki avvallari u doim soyada qolib ketardi.
Jeff Bezos bu yerda! Jeff Bezos juda boy — u ajrashdi va baribir dunyodagi eng boy odam bo‘lib qoldi, deb hazillashdi marosimni olib boruvchi Kris Rok sahnadan.
Sanches bilan tanishganidan keyin milliarder Bezos Yer fondi tashkil qildi va unga sevimli ayolini vitse-prezident etib tayinladi.

Sevgilisi uchun Sanches ham o‘zgara boshladi, shaxsiy hayoti haqida batafsil maʼlumot berishni to‘xtatdi va Bezos bilan birga xayriya ishlari bilan shug‘ullandi.
Bu qiyin. Men juda ochiq odamman. Ko‘p gapiraman. O‘z sirlarimni baham ko‘rishni yaxshi ko‘raman. Ammo men endi bunday qila olmasligimni tushunishim kerak, dedi Sanches intervyularning birida.

Juftlik milliarder yangi ayoli bilan yashash uchun sotib olgan Warner Bros. qasrida yashaydi.
2023-yilda juftlik unashtiruv haqida eʼlon qildi. Jeff Bezos Fransiyada taʼtil paytida unga turmush qurish taklifini berdi va 30 karatli 5 million dollarlik pushti olmosli uzukni taqdim etdi.
U qutichani ochganida hushimdan ketayozdim, dedi kelin People nashriga.

Bezos qiz bazmini ham o‘z zimmasiga oldi va sevimli ayolini uning dugonalari bilan kosmosga yubordi. Milliarderning Blue Origin kompaniyasi Loren Sanches, Keti Perri va boshqa amerikalik taniqli shaxslar bo‘lgan birinchi ayol ekipajini to‘pladi.
Parvoz 11 daqiqa davom etdi va hayajonlangan kuyov butun vaqtini cheksiz osmonga qarab o‘tkazdi. Ekipaj Yerga yetib kelishi bilanoq Bezos uni allaqachon sog‘inib qolganini aytib, darhol Sanchesga eshikni ochishga shoshildi.
Ko‘pchilikni Loren Sanchesning erkaklarni, ayniqsa, boy erkaklarni o‘ziga jalb qilishi hayratda qoldiradi. Mark Sukerberg ham bu olovli lotin ayolining sehrini his qildi. Donald Trampning inauguratsiyasi paytida milliarder bo‘lajak Bezos xonimdan ko‘zini uzolmadi.

Baʼzilar Sanchesning yorqin tashqi qiyofasini, jonli xarakterini va sarguzashtga bo‘lgan ishtiyoqini taʼkidlasa, Jeffning o‘zi boshqa fazilatlarni aytadi.
Lorenning ajoyib intuitsiyasi bor, bu borada deyarli sehrli qobiliyatlarga ega. U boshqa odamlar ko‘rmaydigan narsalarni ko‘radi. U haqiqatan ham boshqa odamlarga va ularning nima haqida o‘ylayotganiga juda sezgir, deydi Bezos

Hozirda juftlik to‘yga jiddiy tayyorgarlik ko‘rmoqda. Marosim bir necha oydan so‘ng Venetsiya yaqinidagi xususiy orolda o‘tkaziladi. Mehmonlar ro‘yxatida Anna Vintur, Donald Tramp, Bill Geyts, butun Kardashyan oilasi va ko‘plab boshqa mashhurlar bor. Tadbir 2025-yilning eng shov-shuvli tadbirlari ro‘yxatiga kirishi vaʼda qilinmoqda.
Izoh (0)