Jizzax viloyatining Baxmal tumanida 40 sotix yerni 205 mln so‘mga sotmoqchi bo‘lgan shaxs ushlandi. Bu haqda viloyat IIB matbuot xizmati xabar berdi.

Maʼlum qilinishicha, fuqaro “M.S.B.” hokimlik tasarrufida bo‘lgan “Mo‘g‘ol” QFY hududidagi yer maydonini noqonuniy o‘zlashtirib, sotayotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Hozirda holat bo‘yicha tergovga qadar tekshiruv tadbirlari olib borilmoqda.
So‘nggi oylarda yerni noqonuniy sotishga urinish holatlari
2025-yil aprelida Kadastr agentligi Andijon tumani bo‘limi sobiq boshlig‘i qo‘lga olingandi. U bog‘dorchilik uchun ajratilgan 1 gektar yer maydonini Kadastrlar palatasida ishlovchi tanishlari orqali turar joy sifatida toifasini o‘zgartirib, kadastr hujjatlarini rasmiylashtirib berish evaziga 10 000 dollar olgan.
Mart oyida Andijonda advokat stajyori va sherigi 34 ming dollarni noqonuniy olayotganida ushlangandi. Ular pulni 34 sotix noturar yer maydonini kadastr tizimidagi tanishlari orqali xaridor nomiga turar joy sifatida rasmiylashtirib berish evaziga olgan.
Fevralda Farg‘onada fuqaro 2,5 gektar yerni 650 ming dollarga sotishga kelishib, oldindan 100 ming dollarni olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlangandi. Toshkent viloyati Ohangaron tumanida joylashgan va qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan 32 gektar yerni 2,4 mln dollarga noqonuniy sotmoqchi bo‘lgan shaxs qo‘lga olingandi.
Surxondaryo viloyatida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan 45 sotix yerni 60 ming dollarga sotishga kelishib, 56,7 ming dollar va 43 million so‘m olgan vaqtida qo‘lga tushgandi. Xorazm viloyatining Urganch tumanida fuqaro davlat zaxirasida bo‘lgan 24 sotix yer maydonini kadastr tizimida ishlovchi tanishlari orqali xaridor nomiga rasmiylashtirib berish evaziga 45 ming dollar va 13 million so‘m olgan vaqtida ushlangandi.
Izoh (0)