Qadimgi Mars mo‘tadil sayyora bo‘lib, mavsumga qarab yomg‘ir va qor yog‘gan, yuzasi bo‘ylab soy va daryolar oqqan. AQSHning Kolorado universiteti olimlari shunday xulosaga keldi.

Olimlar sayyoraning qadimiy iqlimini uning zamonaviy landshaftini hisobga olgan holda modellashtirdi. Tadqiqot natijalariga ko‘ra, yog‘ingarchiliklar sayyora yuzasini milliardlab yillar avval shakllantirgan kanal tarmoqlarini suv bilan ta’minlagan.
Ko‘pchilik olimlar Mars yuzasida taxminan 4,1-3,7 milliard yil oldin ma’lum miqdorda suv bo‘lgan, degan fikrga qo‘shiladi. Ammo uning kelib chiqish manbasi aniq emas. O‘sha davrda Quyosh hozirgiga nisbatan atigi 75 foiz yorqinroq bo‘lgan va nazariyalardan biriga ko‘ra, Mars ekvatori atrofidagi tog‘li hududlarni qoplab yotgan muzli qoplamalar vaqti-vaqti bilan erigan.
Yangi tadqiqotda olimlar ekvator yaqinidagi Marsga o‘xshash relyefni kompyuter orqali modellashtirishgan. Ba’zi ssenariylarda ular suvni yog‘ingarchilik natijasi tariqasida qo‘shishgan, boshqalarida esa muzli qoplamalarning erishini hisobga olishgan. So‘ngra o‘nlab va yuz minglab yillar davomida suvning qanday oqqanini kuzatishgan.

Tadqiqotda vodiylar va tepaliklar faqat qor yoki yomg‘ir ko‘rinishidagi yog‘ingarchiliklar natijasida shakllanishi mumkinligi ma’lum bo‘ldi. Chunki mavsumiy muz qoplamalarining erishi bunga ta’sir ko‘rsata olmaydi.
Aniq xulosa chiqarish qiyin, ammo bir jihat e’tiborni tortadi: bu vodiylar turli balandliklarda boshlanadi, buni esa faqat muzliklarning vaqti-vaqti bilan erishi orqali tushuntirib bo‘lmaydi, deydi tadqiqot mualliflari.
Tadqiqot guruhi kompyuter modellashtirish natijalarini NASAning Mars Global Surveyor va Mars Odyssey apparatlari orqali olingan haqiqiy ma’lumotlar bilan solishtirdi. Yog‘ingarchilikni o‘z ichiga olgan simulyatsiyalar Marsning haqiqiy relyefini ancha aniq aks ettirdi.

Olimlar ta’kidlashicha, bu natijalar sayyoraning qadimgi iqlimi haqida yakuniy xulosalarni bermaydi. Ayniqsa, Mars qanday qilib qor yoki yomg‘ir uchun yetarlicha issiq haroratni ushlab turgani hali ham sirligicha qolmoqda.
Izoh (0)