Hukumat qarori bilan Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligining vazifalari belgilandi.

Hujjat bilan Agrosanoatni rivojlantirish agentligi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi.
Quyidagilar agentlikning asosiy vazifalari etib belgilandi:
- intensiv (mahsuldor) mevachilik, uzumchilik, issiqxona xo‘jaliklarining barqaror rivojlanishini ta’minlash va eksport salohiyatini oshirishga qaratilgan maqsadli kompleks dasturlarni amalga oshirish;
- zamonaviy resurs tejovchi texnologiyalarni, shu jumladan tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish tizimlarini qo‘llagan holda intensiv (mahsuldor) bog‘lar va issiqxona xo‘jaliklari maydonlarini kengaytirish choralarini ko‘rish;
- sohada ilm-fan yutuqlari, ilg‘or ilmiy ishlanmalardan foydalanish;
- qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishni sanoatlashtirish choralarini ko‘rish;
- bog‘ qator oralariga qishloq xo‘jaligi ekinlarini ekish va ulardan samarali foydalanishni tashkil etish;
- sohada “daladan dasturxongacha” tamoyili asosida qo‘shilgan qiymat zanjirini joriy etish;
- meva, uzum va boshqa navlarning milliy brendlarini yaratish choralarini ko‘rish.
Qaror bilan Agrosanoatni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash davlat maqsadli jamg‘armasining kredit resurslari hisobidan respublikadagi yangi bog‘larni tijorat banklari orqali moliyalashtirish tartibi to‘g‘risidagi nizom ham tasdiqlandi. Nizomda yangi bog‘ va tokzorlar barpo etish, meva va uzum mahsulotlarini zamonaviy usulda saralash, qadoqlash va qayta ishlashni tashkil etish loyihalari uchun kreditlar ajratish nazarda tutilgan.
Agrosanoatni rivojlantirish agentligi haqida
Agentlik prezidentning 2024-yil 30-sentyabrdagi qarori bilan tashkil etilgandi. Agentlik o‘ziga ijara huquqi bilan ajratilgan yer uchastlakalarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida tadbirkorlik subyektlariga qayta ijaraga berish huquqiga ega. Zaxiradagi yer uchastkalari yangi bog‘larni barpo etish uchun agentlikka yoki u tanlangan tadbirkorlik subyektiga Vazirlar Mahkamasi tomonidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijara huquqi bilan ajratilishi, bunda investitsiya loyihasining qiymati 10 million dollardan kam bo‘lishiga, eng yaxshi taklifni tanlash bo‘yicha tanlov o‘tkazilmasligiga, oldindan maxsus hisobvaraqqa pul joylashtirmasdan hamda yer uchastkalarining aniq ro‘yxatini yer ijarasi shartnomalarida belgilash sharti bilan yer uchastkalarini realizatsiya qilishga, istisno tariqasida ruxsat berilgan.
Izoh (0)