Rossiya hukumati Xitoyga yetkazib berilayotgan gaz narxini yana pasaytirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda mamlakatning Iqtisodiy rivojlanish vazirligi tayyorlagan rivojlanish prognoziga tayanib, The Moscow Times xabar berdi.

Xitoy 2024-yil “Sibir kuchi” quvuri orqali yetkazib berilgan ming kubometr gaz uchun 267,6 dollar to‘lagan. Bu Yevropa va Turkiya mijozlari to‘lagan narxdan (376,9 dollar) 30 foizga arzonroq edi.
2025-yilda esa Xitoy uchun narx 247,3 dollargacha pasayadi, Yevropa va Turkiya uchun esa aksincha, ming kubometr uchun 403 dollargacha oshadi. Shu tariqa Xitoy uchun chegirma 39 foizgacha yetadi va ming kub metr uchun 150 dollardan oshadi.
Iqtisodiy rivojlanish vazirligi prognoziga ko‘ra, gaz eksport narxining pasayishi va neft narxlarining keskin tushishi Rossiya iqtisodiyotining valyuta tushumlariga salbiy ta’sir ko‘rsatadi: bu yili uglevodorodlar eksportidan kutilgan 236 milliard dollar o‘rniga 200 milliard dollar daromad olinadi. 2026-yilda esa valyuta tushumi dastlabki prognozdan 9 milliard dollarga kam bo‘ladi.
“Gazprom” 2024-yil Xitoyga 31 milliard kubometr gaz eksport qilgan, bu yil esa “Sibir kuchi” quvuri orqali 38 milliard kubometr yetkazib beradi. Biroq bu ko‘rsatkich urushgacha Yevropa Ittifoqiga eksport qilinadigan gaz hajmining 20 foizidan kamini tashkil etadi; o‘shanda eksport hajmi eng yuqori darajada 200 milliard kubometrga chiqqan edi.
Bir vaqtlar kapitallashuvi 1 trillion dollarga yetishni ko‘zlagan “Gazprom” qudratli davlat korporatsiyasi 2023-yilda tarixdagi eng katta zararni ko‘rdi. Jumladan, bir trillion rubldan ortiq mablag‘ni boy berdi.
Izoh (0)