2025—2027-yillarda 303,6 mln kVt soat elektr energiyasi va 7,3 mln kub metr tabiiy gaz iqtisod qilinadi. Bu haqda “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi axborot xizmati rahbari Jamshid Shermetov ma’lum qildi.

Keltirilishicha, “O‘zsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi, Energetika vazirligi va Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi bilan birgalikda energiya sarfi yuqori bo‘lgan 34 ta korxonalarda energiya auditi o‘tkazilishi belgilandi.
Shuningdek, energiya samaradorlikni oshirishga qaratilgan energiya resurslari iste’molini qisqartirish dasturi ishlab chiqildi. Unga ko‘ra 2025—2027-yillarda 303,6 mln kVt soat elektr energiyasi va 7,3 mln kub metr tabiiy gazni iqtisod qilinishi belgilandi.
Xususan, belgilangan choralarni amalga oshirish natijasida 2025-yilda 43,5 mln kVt soat elektr energiyasi va 6,7 mln kub metr tabiiy gaz, 2026-yilda 121,2 mln kVt soat elektr energiyasi va 659 ming kub metr tabiiy gaz va 2027-yilda esa 138,9 mln kVt soat elektr energiyasi iqtisod qilinadi.
Joriy yilning yanvar—mart oylarida 33,1 mln kVt soat elektr energiyasi va 10,9 ming kub metr tabiiy gaz iqtisod qilindi. Shuningdek, boshqa chora-tadbirlarni amalga oshirish hisobiga yanvar—mart oylarida 606 ming kVt soat elektr energiyasi sarfi kamaydi.
Tashkiliy-texnik chora-tadbirlar, elektr uskunalarni kapital ta’mirlash hisobiga 10 ming kVt soat elektr energiyasi iqtisod qilindi. Bundan tashqari, Toshkent viloyatidagi “Bekobodsement” AJda ko‘mir yoqilg‘isiga o‘tishi natijasida joriy yilning I choragida 10,9 mln kub metr tabiiy gaz iqtisod qilindi.
Elektr va gaz qurilmalarini o‘rnatish tartibi o‘zgartirildi
Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Elektr energiyasi, neft mahsulotlari va gazdan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi boshlig‘ining “Energiya resurslarini hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish doirasida elektr energiyasi va tabiiy gazni hisobga olishning zamonaviy asboblarini o‘rnatish tartibi to‘g‘risidagi nizomga o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi buyrug‘i qabul qilindi.
Hujjat bilan endilikda energiya resurslarini hisobga olishning avtomatlashtirilgan tizimini joriy etish doirasida o‘rnatiladigan energiya resurslarini hisobga olish priborlari Majburiy ijro byurosi vakilining ishtirokisiz ulanadi, ro‘yxatga olinadi va plombalanadi.
O‘zbekistonda qayta tiklanadigan energiya manbalari hisobidan olingan elektr energiyasi ulushi 9,38 foizga teng bo‘ldi.
Taqqoslash uchun bu ko‘rsatkich:
- Tojikistonda — 89,37 foiz;
- Qirg‘izistonda — 85,92 foiz;
- Armanistonda — 26,57 foiz;
- Ukrainada — 19,74 foiz;
- Rossiyada — 17,57 foiz;
- Qozog‘istonda — 12,76 foiz;
- Moldovada — 9,68 foiz;
- Ozarbayjonda — 6,89 foiz,
- Belarusda — 2,71 foiz,
- Turkmanistonda — 0,03 foizni tashkil etgan.
Jahon bo‘yicha reytingda O‘zbekiston qayta tiklanadigan energiya manbalari tomonidan ishlab chiqarilgan elektr energiyasi ulushi bo‘yicha 195 ta davlat orasidan 154-o‘rini egalladi.
Albaniya, Butan, JAR, Kongo, Nepal, Paragvay reyting yetakchilari bo‘ldi. Ushbu davlatlarda bu ko‘rsatkich 100 foizni tashkil qilgan. Turkmaniston reytingda eng oxirgi o‘rinni oldi.
O‘zbekistonda yashil energetika
O‘zbekistonda energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov 2024-yilda qayta tiklanadigan energiya manbalari ulushini 18 foizga yetkazish maqsad qilinganini aytgandi.
Shavkat Mirziyoyev o‘sha yilning fevralida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda energetika vaziri va viloyatlar hokimlarining muqobil energetika sohasidagi rejalaridan norozi bo‘lib, ikki-uch oy ichida 14 ta quyosh va shamol elektr stansiyalarini ishga tushirish, shuningdek, ikkita nasosli saqlash stansiyasi loyihalarini boshlashga topshiriq bergandi. Prezident “yashil energetika ham iqtisodiyotimiz drayverlaridan biriga, ham chinakam umummilliy harakatga aylandi”, deb aytgandi.
O‘zbekistonda aholining energiya manbalariga talabini qondirish maqsadida har yili ko‘plab loyihalar amalga oshirilmoqda. Bu ishlar natijasida oxirgi 5 yilda elektr energiyasi ishlab chiqarish 30 foiz ko‘payib, 81,5 milliard kilovatt soatga yetdi. 2025-yilda quvvati 65 mVt bo‘lgan 1 185 ta mikro GES barpo etiladi.
Tabiiy gaz haqida
O‘zbekistonda quyosh panellari o‘rnatilishi sabab 15 mln metr kub gaz tejaldi. Prezidentning 2025-yil 1-apreldagi qarorida hududlarda iste’molchilarni muqobil energiya resurslaridan foydalanishga o‘tkazish hamda energiya tejovchi texnologiyalarni o‘rnatish orqali 2,5 milliard kVt soat elektr energiyasini va 1,1 milliard metr kub tabiiy gazni iqtisod qilishga erishish maqsadida bir qator choralar belgilangandi.
1-apreldan tabiiy gazning bazaviy me’yori 500 kub metrdan 100 kub metrga tushirilishi aytilgan edi. Vazirlar Mahkamasining 2024-yildagi 204-sonli qarori bo‘yicha mazkur shkala mart oyida o‘zgarishi belgilangandi. Biroq mart oyida havo haroratining past bo‘lishi va odatdagidan ko‘ra sovuqroq kelishi munosabati bilan davlat rahbarining topshirig‘iga muvofiq, Vazirlar Mahkamasining tegishli qarori bilan isitish mavsumi uchun belgilangan 500 kubometr bazaviy me’yor 2025-yilning 1-apreligacha uzaytirilgandi.
Izoh (0)