Qonunchilik palatasida bo‘lib o‘tgan yalpi majlisda meva-sabzavot yetishtiruvchi va qayta ishlovchi subyektlarning hamda Agrosanoatni rivojlantirish agentligining qonuniy manfaatlari himoyasini kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi muhokamasida XDPchilarning qat’iy pozitsiyasi ko‘pchilikni hayron qoldirdi.
Xo‘sh gap o‘zi nimada?
Qonun loyihasida Qishloq xo‘jaligi vazirligi huzuridagi Agrosanoatni rivojlantirish agentligi meva-sabzavotchilik yo‘nalishidagi mahsulot yetishtiruvchi, qayta ishlovchi sub’yektlar, issiqxona xo‘jaliklari hamda o‘z huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida sudga berilgan arizalar, shikoyatlar va da’volar yuzasidan davlat bojini to‘lashdan ozod yetish belgilanyapti.
Partiya matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, bir kun oldin bo‘lib o‘tgan fraksiya yig‘ilishida ham qonun loyihasi muhokama qilingan. Qonun loyihasining tushuntirish xati va konsepsiyasi yuzasidan bir qator deputatlar tomonidan bildirilgan haqli e’tirozlar sababli, qonun loyihasini konseptual jihatdan qayta ishlash va maromiga yetkazish talabi bilan, tashabbuskorlarga qaytarish to‘g‘risida qaror qabul qilingan ekan.
XDPchilar yalpi majlisda ham shu talabda qat’iy turib, o‘z pozisiyalarini oxirigacha himoyaga qilishdi. Majlisda so‘z olgan XDP fraksiyasi a’zosi Qizilgul Ermatova qonunning tushuntirish xatida qonun loyihasi go‘yoki meva-sabzavotchilik yo‘nalishidagi mahsulot yetishtiruvchilar, qayta ishlovchilar va issiqxona xo‘jaliklarining huquqlarini himoya qilish masalasi qamrab olinganini qayd etib, agentlikka berilayotgan vakolatlar qanchalik to‘g‘ri ekanligini savol ostiga oldi.
“Bu qonun loyihasi bilan aniq kimni manfaatlarini himoyasini ta’minlash, jismoniy shaxsmi yoki yuridik shaxsmi degan masalalar qonunda ochiq qolmayaptimi? Kecha fraksiyamizda vazirlik tizimidagi reyestrga kiritilgan sub’yektlar bilan ishlaymiz dedi, bu reyestrga o‘zgartirish kiritish vazirlik vakolatida va ertaga bu ham noqulaylik tug‘dirmaydimi? Shundan kelib chiqib, loyihani konseptual ko‘rib chiqib, aniq vazifalarni ko‘rsatib o‘tish zarur deb bilaman”, — dedi XDP fraksiyasi a’zosi Qizilgul Qosimova.
Fraksiyaning yana bir a’zosi Anvarxon Temirov kuni kecha ushbu qonun loyihasiga fraksiya bilan qarshi chiqqani, loyihani konsepsiyasini asosda keltirilganidek, farmondan kelib chiqqan holatda olib kirish kerakligini ta’kidladi.
“Adolat” fraksiyasi a’zosi Zuhriddin Mavlonov esa qonun loyihasining asosiy mohiyatiga e’tibor qaratar ekan, tashabbuskorlarga davlat bojini to‘lashdan ozod qilingan subyektlar qatoriga yana bir sub’yektning qo‘shilishi qanchalik muhimligi yuzasidan savol bilan murojaat qildi.
— Qonun loyihasining qabul qilinishi sudlar yuklamasining ortib ketishiga xizmat qilmaydimi? Masala tashabbuskorlar tomonidan muhokama qilinganmi? Statistik ma’lumotlarga ko‘ra 2023-2024 yillarda Agrosanoatni rivojlantirish agentligi tomonidan sudlarga bor yo‘g‘i 22 ta da’vo arizalari kiritilib, shundan 12 tasi qanoatlantirilgan, qolgan qismi ko‘rmasdan qoldirilgan. Ushbu qonun loyihasining qabul qilinishi natijasida bu raqamlar soni keskin oshib ketishi mumkin.
Qonun tashabbuskorlari ko‘tarilgan masalalar yuzasidan batafsil tushuntirishlar berib o‘tdi.
Majlisda O‘zLiDeP fraksiyasi rahbari Aktam Xaitov qonun loyihasi yuzasidan o‘z nuqtai nazarini bildirar ekan, fraksiya partiya elektorati manfaatlaridan kelib chiqqan holda, qonun loyihasini birinchi o‘qishda qabul qilishni va berilgan takliflar asosida uni ikkinchi o‘qishga tayyorlash lozimligini ta’kidladi. Fraksiya a’zosi Ruslan Sobirov esa qonun loyihasi ushbu sohada faoliyat yurituvchi tadbirkorlik sub’yektlarining huquq va manfaatlarini himoya qilishini qayd etib, uni qo‘llab-quvatlashga chaqirdi.
O‘zXDP fraksiyasi rahbari Ulug‘bek Inoyatov qonun loyihasini kuni kecha bo‘lib o‘tgan fraksiya yig‘ilishida konseptual jihatdan muhokama qilayotganda partiya elektoratining huquq va manfaatlariga alohida e’tibor qaratilganini ta’kidladi. Loyihani ko‘rib chiqish jarayonida qonun tashabbuskorlariga uni yalpi majlisga birinchi o‘qishga muhokama qilish jarayoniga qadar qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha imkon berilgani, lekin mutasaddilar ushbu takliflarni e’tiborga olmaganligini qayd etib, loyihani qayta ishlash uchun tashabbuskorlarga qaytarish lozimligini bildirdi.
Shundan so‘ng, raislik qiluvchi tomonidan qonun loyihasiga mas’ul qo‘mita raisi Ravshan Mamutovning fikri so‘raldi.
Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisi Ravshan Mamutov ko‘tarilgan savollar bo‘yicha tushuntirishlar berib, ushbu qonun loyihasi oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlash, meva-sabzavotchilik sohasida ajratilayotgan mablag‘larni maqsadli sarflanishida davlat nazoratini o‘rnatishga qaratilganini qayd etdi. Shuningdek, u loyiha ayrim kamchiliklardan holi emasligini, ya’ni agentlik vakolatlari umumiylikka tortib ketgani, shu sababli uni ikkinchi o‘qishga tayyorlashda normalarni aniq ko‘rsatib o‘tishni tashabbuskorlar bilan kelishib olganligini ta’kidladi.
Qo‘mita raisining munosabatidan so‘ng ovozga qo‘yilgan qonun loyihasi 32ta qarshi ovoz bilan birinchi o‘qishda qabul qilindi.
Ochig‘ini aytganda, yaqin o‘tmishda parlamentda bu kabi tortishuvlar va partiyalarning biror bir masala yuzasidan keskin munosabat bildirgani yoki qat’iy turib himoya qilganini yohud qaysidir qonun loyihasiga butun boshli fraksiyaning (XDP misolida) qarshi ovoz berish holatlarini kamdan-kam uchratmaganmiz.
Albatta, chinakam bahs, munozara, prinsipial tortishuv avvalo parlamentda bo‘lishi kerak. Shundagina har bir siyosiy partiya, parlamentdagi har bir partiya fraksiyasining haqiqiy qiyofasi va pozisiyasi aniq bo‘ladi...
O‘ylaymizki, siyosiy partiyalarning parlamentdagi fraksiyalarining faoliyati bundan keyin ham shunday jonli va faol bo‘ladi.
Shundagina ular o‘z elektoratiga bergan va’dalarini, saylovoldi dasturlarini to‘la va samarali bajara oladi. Mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida o‘zining mustahkam o‘rnini egallaydi.
Izoh (0)