Ispaniya va Portugaliyada keng miqyosli elektr ta’minoti uzilishi qayd etildi. Temir yo‘l va avtomobil qatnovi izdan chiqqan, svetoforlar ishlamayapti. Metro yopilgan. Sodir bo‘lgan hodisaning sabablari aniqlanmoqda. Bu haqda Euronews xabar bermoqda.

Ta’kidlanishicha, hodisa Ispaniya, Portugaliya, shuningdek, Niderlandiya, Andorra va Fransiyaning Basklar mintaqasining ayrim hududlariga ta’sir ko‘rsatgan. Pireney yarim orolida millionlab odamlar elektr energiyasiz qolgan.

Qayd etilishicha, Ispaniya hukumati favqulodda majlis o‘tkazmoqda, inqirozga qarshi qo‘mita tuzilgan. Kataloniya hukumati rahbari Salvador Ilya butun kun tartibini bekor qilib, besh vazir, Mossos d’Esquadra mintaqaviy politsiyasi rahbariyati, fuqaro mudofaasi, favqulodda xizmatlar va kiberxavfsizlik agentligi vakillaridan iborat inqiroz kabinetini chaqirgan.
Portugaliya hukumati elektr ta’minoti uzilishi bilan bog‘liq vaziyatni kuzatish uchun ishchi guruh tashkil etgan. Ularning ta’kidlashicha, muammo “mamlakat tashqarisida” yuzaga kelgan bo‘lishi mumkin.
Bir vaqtning o‘zida bir nechta mamlakatda elektr ta’minoti uzilishining aniq sababini hech kim aytmayapti. Taxminlarga ko‘ra, bu xakerlik hujumi bo‘lishi mumkin. Ba’zilar allaqachon Rim papasi Fransiskning vafotidan so‘ng va’da qilingan “qiyomat” boshlanayotganini ta’kidlashmoqda. Energiya kompaniyalari keng ko‘lamli uzilishni bartaraf etishga urinmoqda.
Hozirgi vaqtda mutaxassislar elektr ta’minotini tiklash va nosozlik manbayini aniqlash ishlarini davom ettirmoqda.
Red Eléctrica kompaniyasining ma’lumotlariga ko‘ra, nosozlik oqibatlarini bartaraf etish uchun 10 soatgacha vaqt talab etilishi mumkin. Mahalliy hokimiyat organlari aholini zarur bo‘lmagan sayohatlardan tiyilishga chaqirmoqda.
Joriy yilning fevral oyida Shri Lankadagi elektr podstansiyasiga kirib qolgan maymun mamlakat bo‘ylab elektr ta’minotida uzilishiga sabab bolgandi. Shuningdek, fevral oyi oxirgi kunlarida Chilida uy xo‘jaliklarining qariyb 80 foizi elektr ta’minotisiz qolgan, butun mamlakat bo‘ylab blekaut yuz bergan edi.
Aprel oyida esa Puerto-Rikoda yuz bergan elektr ta’minotidagi uzilishlar 1,4 million aholi hayotiga salbiy ta’sir ko‘rsatgandi. Puerto Rikoda 30-dekabrdan 31-dekabrga o‘tar kechasi ham avariya natijasida mamlakatdagi barcha elektr stansiyalari ishdan chiqib, umumiy elektr ta’minotida uzilish yuz bergandi.
Kanadaning sharqiy qismida yuz bergan muzli siklon Ontarioda 350 mingdan ortiq kishini elektrsiz qoldirgani haqida xabar qilingandi.
Izoh (0)