Saudiya Arabistoni O‘zbekiston fuqarolari uchun onlayn sayyohlik (turist) viza olish imkoniyatini yopib qo‘ydi.
Bundan tashqari, Tojikiston ham bu imkoniyatdan mahrum qilingan. Saudiya hukumati bu borada rasmiy izoh bermagan.
Saudiya Arabistoni Turizm vazirligining “Daryo”ga maʼlum qilishicha, O‘zbekiston va Tojikiston fuqarolari uchun elektron vizaga murojaat qilish vaqtinchalik, haj mavsumida to‘xtatilgan.
“23-apreldan 9-iyunga qadar elektron vizaga murojaat qilish xizmati vaqtincha to‘xtatiladi. Bu muddat ichida Saudiya Arabistoniga sayohat qilishni xohlovchilar o‘z mamlakatlaridagi elchixonalar yoki vakolatli viza idoralari orqali viza olishga ariza topshirishlari mumkin. Bundan tashqari, amaldagi Shengen, Buyuk Britaniya yoki AQSH vizalariga ega sayohatchilar, shuningdek, Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya yoki AQSH rezidentlari Saudiya Arabistoniga kirish punktlarida viza olishlari mumkin”, deyilgan ma‘lumotda.
Maʼlumot uchun, 2025-yilgi haj mavsumida O‘zbekiston fuqarolari uchun 15 ming dona kvota ajratilgan.
2023-yilning avgustida O‘zbekiston fuqarolari Saudiya Arabistoniga elektron viza olish imkoniga ega bo‘lgandi. O‘zbekistonliklar 146 dollar evaziga Qirollik turizm vazirligining maxsus portali orqali onlayn viza olishi mumkin edi.
Ushbu viza bilan yil davomida Umra hamda mamlakat bo‘ylab sayohat qilish mumkin bo‘lib, amal qilish muddati 90 kunni tashkil qilishi aytilgandi.
Aprel oyining o‘rtalarida Toshkentda to‘rt kishini hajga jo‘natish uchun 23,6 ming dollar olgan shaxs ushlangandi. Shuningdek, poytaxtda o‘tkazilgan tezkor tadbirda soxta sayyohlik firmalari faoliyatiga chek qo‘yilgandi.
O‘zbekistonda 2025-yil 1-sentyabrgacha “Haj va umra yagona portali” hamda uning mobil ilovasini ishlab chiqiladi. Bu orqali fuqarolarning ibodatlar va diniy rasm-rusumlarni amalga oshirishi uchun qo‘shimcha qulayliklar yaratish, haj va umra ziyoratlariga borishi bilan bog‘liq xizmatlarni ko‘rsatish jarayonida ortiqcha byurokratik tartibotlarni bartaraf etish maqsad qilingan.
Izoh (0)