Lissabonning “Sporting” klubi hujumchisi Viktor Dyokeresh “Oltin butsa” uchun kurashda peshqadamlikni qo‘lga oldi. 27-aprel, yakshanba kungi o‘yinda shved futbolchisi “Boavishta” darvozasiga to‘rtta gol kiritib, jamoasining 5:0 hisobidagi yirik g‘alabasiga hissa qo‘shdi.

Hozirda 26 yoshli Dyokeresh Portugaliya chempionatida 30 o‘yinda 38 ta gol urgan hamda Yevropaning eng sermahsul futbolchisi bo‘lib turibdi. U 57 ball bilan Yevropa chempionatlaridagi eng yaxshi natijani qayd etmoqda.
“Liverpul” forvardi Muhammad Saloh 28 ta gol bilan 56 ball to‘plagan. Qayd etish joiz, Angliya Premyer Ligasidagi har bir gol 2 ball bilan, Portugaliya chempionatidagi bir gol 1,5 ball bilan hisoblanadi.
Uchinchi o‘rinda “Barselona” hujumchisi Robert Levandovski 50 ball bilan bormoqda. Ulardan keyingi o‘rinlarni “Bavariya” forvardi Harri Keyn va “Atalanta” futbolchisi Mateo Retegi 48 ball bilan egallab turibdi.
Izoh (0)