O‘zJOKU rektori, professor Sherzodxon Qudratxo‘ja Qirg‘izistonda “Rossotrudnichestvo” tashkiloti xodimasining hibsga olinishi va Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrovning Samarqanddagi so‘zlari yuzasidan munosabat bildirdi.

Qirg‘iziston shu hafta o‘z fuqarolaridan bir nechtasini, jumladan, “Rossotrudnichestvo” tashkiloti xodimasini ham Rossiya tomonida Ukrainaga qarshi urush harakatlarida ishtirok etish uchun odam yollashda gumon qilib hibsga oldi. Bu jiddiy voqea bo‘lib, albatta, Qirg‘izistonning suvereniteti va milliy xavfsizligiga daxldor masala hisoblanadi.
Aslida, Bishkekning bunday qarori mustaqil davlatning tabiiy va qonuniy reaksiyasi sifatida qabul qilinishi kerak edi. Ammo bu vaziyatda Moskva tomonidan bildirilgan javob yanada hayratga soladi: “Rossotrudnichestvo” rahbari Yevgeniy Primakov shunday yozadi: “Bu — provokatsiya. Nataliyani ozod qilamiz. Biz o‘zimiznikilarni tashlab qo‘ymaymiz. Xulosalar chiqarildi. Ular sezilarli va yoqimsiz bo‘ladi”.
U buni qanday amalga oshirmoqchi? Vertolyotda tergov hibsxonasi ustida paydo bo‘lib, uni olib ketmoqchimikan? Vaholanki, gap Rossiya fuqarosi emas, balki mustaqil Qirg‘iziston fuqarosi haqida ketmoqda. Unga do‘stona davlat haqida bunday tahqirli va mensimasona so‘zlar aytish huquqini kim berdi?, deb yozadi O‘zJOKU rektori.
Sherzodxon Qudratxo‘ja baʼzi Rossiya davlat Dumasi deputatlari ham o‘zini tuta olmay, haqoratli bayonotlar bilan chiqayotganini eslab o‘tdi. U Mixail Matveyev Qirg‘izistonni “kichik va havolangan tashkilot” deb atagani hamda Rossiya banklaridan pul o‘tkazmalarini to‘xtatish bilan tahdid qilganini eslab o‘tdi.
Maʼlum bo‘ldiki, buyuk davlatning “kichik va havolangan tashkilot”ni “jazolash” uchun millionlab usullari bor ekan.
Qisqasi, bunday bayonotlar nafaqat hurmatsizlik, balki, afsuski, Markaziy Osiyo davlatlariga nisbatan ortiqcha mensimaslik kayfiyatining ochiq ifodasiga aylanmoqda.
Bunday munosabatni biz yaqinda Samarqandda ham kuzatdik: Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov O‘zbekiston zaminida bo‘lib turib, Markaziy Osiyo davlatlarining Yevropa Ittifoqi bilan hamkorlik harakatlarini ochiq tanqid qildi. Bu esa davlatlarning mustaqil tashqi siyosat olib borish huquqiga bevosita aralashishdan boshqa narsa emas.
Qirg‘izistonda yollovchilarning qo‘lga olinish mavzusiga qaytib, bir mashhur siyosatchining aqlli so‘zlarini eslash lozim: “Kotlet alohida, pashshalar alohida”. Masala Qirg‘iziston fuqarolari va uning ichki xavfsizligi haqida ketmoqda. Tergov hali davom etmoqda va Rossiya tomonidan bo‘layotgan shoshma-shosharik va qattiq reaksiya ayblovlarning asosli ekanligi bo‘yicha shubhalar uyg‘otmoqda. Agar “hamma narsa toza” bo‘lganida, Moskva nima uchun bunday “iztirob”ga tushmoqa?, deb yozadi Qudratxo‘ja.
Professor “biz turkiy xalqlar vakillari, qirg‘iz xalqi va uning o‘z suverenitetini himoya qilish huquqini qatʼiy qo‘llab-quvvatlashimiz kerak”ligini taʼkidladi.
Shu sababli biz o‘z davlatlarimizda “Rossotrudnichestvo” tashkiloti faoliyatini jiddiy qayta ko‘rib chiqishimiz lozim. Chunki bu tashkilot madaniy hamkorlik emas, balki buzg‘unchilik faoliyati olib borayotgani ehtimoli ortib bormoqda. Ozarbayjonning tajribasi ko‘rsatib turibdiki, uning faoliyatini to‘xtatish — milliy manfaatlar va xavfsizlikni himoya qilish uchun to‘g‘ri va asosli chora hisoblanadi.
P.S. Saviyasi past ayrim chet ellik siyosatchilar uchun maʼlumot: Markaziy Osiyo — birovning “yumshoq qorni” emas, balki erkin, suveren va teng huquqli davlatlar mintaqasidir.
Qirg‘iz xalqi esa turkiy dunyodagi eng qadimiy va sharafli xalqlardan biri bo‘lib, ularning mashhur “Manas” eposi ming yillik tarixga ega. Do‘stimiz Qirg‘iziston — mag‘rur jigitlari, uchqur tulporlari, baquvvat kurashchilari va jasur botirlari bilan mashhur bo‘lgan go‘zal yurtdir, deb yozgan Sherzodxon Qudratxo‘ja.
Izoh (0)