• Profilga Kirish
  • 1744009905_435.svg 1744009905_642.svg

  • So‘nggi yangiliklar
  • Asosiy yangiliklar
  • Eng ko‘p o‘qilgan
  • Kolumnistlar
Ўзбекча
Русский
English
  • O'zb
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng
  • O'zb
  • Ўзб
  • Рус
  • Eng
  • So‘nggi yangiliklar
  • Asosiy yangiliklar
  • Eng ko‘p o‘qilgan
  • Kolumnistlar
    • USD12910.15
    • RUB159.78
    • EUR14660.77
    • Google play
    • App Store
    • Telegram
    • Toshkentda
      +32°C
      • Andijon
      • Qarshi
      • Buxoro
      • Samarqand
      • Farg‘ona
      • Sirdaryo
      • Jizzax
      • Termiz
      • Namangan
      • Toshkent
      • Navoiy
      • Toshkent vil
      • Nukus
      • Urganch
    • Daryo
      • Internet-nashr
      • Tahririyat haqida
      • Aloqa ma'lumotlari
      • Foydalanish shartlari
      • Maxfiylik siyosati
      • Yangiliklar arxivi
    • Reklama
    • Ijtimoiy tarmoqlar
      • Instagram | Rasmiy
      • Instagram | Lifestyle
      • Instagram | Sport
      • Facebook | Rasmiy
      • OK | Rasmiy
      • YouTube | Daryo
      • YouTube | Daryo Rus tilida
      • YouTube | Daryo Global
    Telegram Youtube Facebook Instagram Twitter vkontakte
    Daryo logo white
    • O‘zbekiston
      • Boshqalar
      • Navoiy
      • Toshkent viloyati
      • Sirdaryo
      • Jizzax
      • Qashqadaryo
      • Surxondaryo
      • Xorazm
      • Buxoro
      • Samarqand
      • Namangan
      • Farg‘ona
      • Andijon
      • Qoraqalpog‘iston
      • Toshkent sh.
      • Mehridaryo
      • Ob-havo
    • Markaziy Osiyo
      • O‘zbekiston (Mahalliy)
      • Afg'oniston
      • Qirg‘iziston
      • Qozog‘iston
      • Turkmaniston
      • Tojikiston
    • Dunyo
    • Pul
      • Biznes
      • Iqtisodiyot
      • Moliya
      • Kripto
    • Madaniyat
      • Kino
      • Kitob
      • Musiqa
      • Shou-biznes
    • Layfstayl
      • Ayollar sahifasi
        • Farzand
        • Go‘zallik
        • Karyera
        • Maslahatlar
        • Moda
        • Retseptlar
      • Texnologiyalar
        • Arxitektura
        • Gadjetlar
        • Ilm-fan
        • Koinot
        • Media
      • Avto
      • Qo‘ziqorin
      • Sayohat
      • Salomatlik
      • Ta’lim
        • Abituriyent
        • Ingliz tilini o’rganamiz
    • Sport
      • Futbol
      • UFC
      • Boks
    infinix
    Daryo.uz - Login
    Daryo.uz Daryo.uz
    Daryo.uz - Login
    Sport

    Osiyolik investorlar bilan ishlagan, “Latsio”ga sovrin olib kelgan va Angliya terma jamoasining oltin avlodini boshqargan Sven-Yoran Eriksson haqida

    Angliya terma jamoasi va ko‘plab klublardagi faoliyati bilan mashhur bo‘lgan shvetsiyalik Sven-Yoran Eriksson 76 yoshida vafot etdi.

    Foto: Sports

    Yanvar oyida Sven-Yoran Erikssonda terminal bosqichdagi saraton borligi ma’lum bo‘ldi. O‘tgan hafta Eriksson futbol bilan ta’sirli ravishda xayrlashgandi:

    “Yaxshi hayot kechirdim. O‘ylashimcha, hammamiz olamdan o‘tadigan kunimizdan qo‘rqamiz, lekin, hayot — bu o‘lim ham demakdir. Biz uni boricha qabul qilishni o‘rganishimiz kerak.

    Siz meni qo‘lidan kelgan barcha ishni qilishga uringan samimiy inson sifatida eslab qolasiz, deb umid qilaman. Xafa bo‘lmang, tabassum qiling. Hammasi uchun rahmat, murabbiylar, futbolchilar, muxlislar. Hammasi ajoyib o‘tdi. O‘zingiz va hayotingiz uchun g‘amxo‘rlik qiling va unda yashang. Xayr!”

    Erikssonning agenti tomonidan berilgan bayonotda, Sven-Yoran dushanba kuni ertalab oilasi davrasida vafot etgani aytiladi.

    “Gyoteborg”, “Benfika”, “Roma”, “Sampdoriya”, “Latsio”, Angliya terma jamoasi va “Manchester Siti” – murabbiy ishlagan jamoalarning to‘liq bo‘lmagan ro‘yxati.

    Eriksson 34 yoshida UEFA Kubogini qo‘lga kiritgan. Bu shved klublari uchun birinchisi edi.

    Eriksson uzoq vaqt porlab turgan: 80-yillarda eng yuqori darajalarga ko‘tarilgan va buni juda yorqin tarzda amalga oshirgan. Futbolchilik faoliyati ajoyib kechmagan: u butun faoliyatini Shvetsiya futbolining quyi divizionlarida o‘tkazgan va tizzasidagi jarohat tufayli 27 yoshida butsalarini mixga ilgan.

    Foto: Sports

    Uch yildan keyin Svennis — yaqinlari uni shunday atashardi — uchinchi divizionda “Degerfors”da murabbiylik faoliyatini boshladi. Yosh mutaxassisning murabbiylik uslubiga Shvetsiyaga kelgan inglizlar Roy Hojson va Bob Hyuton kuchli ta’sir ko‘rsatdi. Uch yilda Eriksson boshchiligidagi kamtarin klub oliy ligaga ko‘tarildi.

    Ushbu yutuqlar e’tibordan chetda qolmadi — Svenni o‘sha paytda holati unchalik yaxshi bo‘lmagan “Gyoteborg” jamoasiga taklif qilishdi. Yosh murabbiy uch mavsumda jamoa bilan birga ikkita Shvetsiya Kubogi va hatto 1981/82 UEFA Kubogi g‘oliblini ham qo‘lga kiritdi.

    Finalda ular 4:0 hisobida “Gamburg”ni mag‘lub etishdi, bu jamoada Xorst Xrubesh, Manfred Kalts va Feliks Magat kabi futbolchilar o‘ynagan va ularni Ernst Xappel boshqargan. Bu shved futboli uchun birinchi Yevrokubok edi.

    Foto: Sports

    Va shuni ta’kidlash kerakki, o‘sha paytda Sven-Yoran 34 yoshda edi — haqiqiy vunderkind. Keyinchalik bu rekordni Andre Villash-Boash yangilaydi, u 2011-yilda “Portu” bilan UEFA Kubogi finaliga chiqqan paytda yarim yil yoshroq bo‘lgan. Lekin 30 yil davomida bu rekord shved murabbiyi va “Gyoteborg” tomonidan ushlab turilgan.

    “Benfika”da Eriksson Chempionlar Kubogi finaligacha yetib bordi va Yuranning hayotini saqlab qoldi.

    “Gyoteborg”ning istiqbolli murabbiyi “Benfika”ga o‘tdi. Eriksson ilk xorijiy klubida ikkita chempionlik va kubokni qo‘lga kiritgan. Bunday natijalar bilan u top ligaga o‘tishga loyiq edi — shved mutaxassisi A Seriyani va poytaxtning “Roma” klubini tanladi.

    80-yillar oxirida Eriksson Lissabonga qaytdi. U Chempionlar Kubogi finaligacha yetib bordi (Arrigo Sakkining “Milan”iga yutqazgan), avlodlar almashinuvini amalga oshirdi (Rui Koshta va Paulo Souzani asosiy tarkibga jalb qildi) va Sergey Yuranning hayotini saqlab qoldi.

    Foto: Sports

    Yuranning o‘zi shunday hikoya qiladi:

    “Pasxa bayramida chempionatda tanaffus bo‘ldi, men Moskvaga do‘stlarimning yoniga uchishni o‘yladim. Ular jinoiy guruhlarga aloqador edi – o‘sha paytlarda ular bilan shou-biznes, futbol va xokkey vakillari muloqot qilardi... Odatda, ular meni aeroportda kutib olishardi, keyin biz hammomga borardik, so‘ng restoranlarga. Ammo o‘sha safar Eriksson meni qo‘yib yubormadi va o‘shanda yigitlarni hammomda otib ketishganini eshitdim. Bundan xabar topgach, boshimni ushlab qolgandim — agar murabbiyim bo‘lmaganida, men ham o‘sha yerda bo‘lardim: u yerda hech kimni achishmagan, hatto, xodimlarni ham o‘ldirishgan”.

    Sergey shunday davom ettiradi:

    “Erikssonga bu haqida hech narsa demadim, lekin har doim uchrashganimizda unga ichimdan minnatdorchilik bildirardim. Qat’iy ravishda undan meni qo‘yib yuborishni so‘ragandim, ammo u aniq qilib: “Oldinda muhim o‘yin bor. Keyingi safar yuboraman”, degandi. — “Lekin Pasxa katta bayram. Iltimos!”. – “Yo‘q”.

    80-yillarda Sven-Yoran Anchelotti va Bajjo bilan ishlagan. Roberto – uning sevimli o‘yinchisi.

    Biz shvetsiyalik murabbiyning A Seriyaga birinchi bor tashrif buyurishi bilan bog‘liq davrni o‘tkazib yubordik. Garchi jamoada braziliyaliklar, Falkao va Toninyo Sereso bo‘lgan maydon markazida esa 26 yoshli Karlo Anchelotti o‘ynagan bo‘lsa-da, “Roma”da dastlab muvaffaqiyat qozonish qiyin bo‘lgan. Shvedning ta’kidlashicha, “Liverpul”ga qarshi 1984-yilgi Yevropa Chempionlar Kubogining finalida mag‘lubiyat futbolchilarning ruhiyatini tushirib yuborgan.

    Foto: Sports

    Sven Rimda o‘tkazgan ikki yili davomida kumush medal va Italiya Kubogi kabi sovrinlarni qo‘lga kiritdi. Bu 40 yoshga to‘lmagan murabbiy uchun yomon emas edi.

    Rimdan keyin “Fiorentina”dagi bir necha muvaffaqiyatsiz mavsumlar boshlandi — u yerda shvetsiyalik murabbiy hech qanday sovrin qo‘lga kiritmadi. Biroq, Eriksson xafa bo‘lmadi, chunki u yerda eng iste’dodli o‘yinchilaridan biri — Roberto Bajjo bilan tanishdi.

    “Unda hammasi bor edi: texnika, maydonni ko‘rish qobiliyati, tezlik. Bizning ilk o‘yinlarimizdan birini eslayman — Arrigo Sakkining “Milan”iga qarshi. O‘sha paytda ikki marta maydonning narigi tarafiga o‘tdik, ikki marta ham gol urdik. Bajjo birinchi golda ishtirok etdi va ikkinchi golni o‘zi urdi”, — deb eslaydi murabbiy. Shuningdek, raqib jamoada Maldini, Barezi, Kostakurta va Tassotti kabi futbolchilar borligini qo‘shimcha qildi.

    “Fiorentina”dagi ikkinchi mavsumda Bajjo Stefano Borgonovo bilan kuchli juftlik tashkil etdi (jamoaning A Seriyadagi gollarining yarmidan ko‘prog‘ini urgan) va maydon markazida Dunga paydo bo‘ldi, Eriksson juda mamnun edi. U UEFA Kubogiga o‘tganini yaxshi natija deb gapirgandi.

    Shundan so‘ng Sven-Yoran Italiyani tark etdi va Portugaliyaga qaytdi, ammo qisqa muddatga.

    90-yillarda Erikssonning A Seriyadagi faoliyati: “Sampdoriya” bilan sovrin yutdi va tarixdagi eng yaxshi “Latsio”ni qurdi

    1992-yilda Eriksson yana A Seriyaga qaytdi — uni 90-yillarning birinchi yarmidagi eng kuchli klublaridan biri “Sampdoriya”ga taklif qilishdi. Klub egasi Paolo Mantovani shvetsiyalik murabbiyga genuyaliklar “Milan” va “Yuventus” bilan moliyaviy jihatdan raqobatlasha olmasligini ochiqchasiga aytdi, shunda ham Sven-Yoran bu taklifni qabul qildi. Jamoadan ketgan Vialli o‘rniga yosh Zeedorf, Kyeza va Veronga imkon berildi.

    Shuningdek, jamoada Gullit, Mixaylovich va Manchini o‘ynagan. Yaxshi tarkib yig‘ilgan edi, ammo faqat bitta sovrin qo‘lga kiritildi — 1994-yilda Italiya Kubogi. Bu sovrin hozirgi kungacha “Sampdoriya” uchun oxirgisi bo‘lib qolmoqda.

    Foto: Sports

    1997-yilda Erikssonni “Latsio” o‘ziga jalb etdi. Murabbiy bilan birga avval Manchini, so‘ngra Mixaylovich ham ketdi. Vazifalar ham jiddiy edi – so‘nggi bor 70-yillarda qo‘lga kiritilgan skudettoni qaytarish. Dastlab, Eriksson jamoaning yulduzi Beppe Sinyorani haydadi, tiffozi va xo‘jayinlar bundan mamnun bo‘lmadi.

    “Men u bilan hech narsa erisholmasdim — yaxshi hujumchi, lekin xarakteri yaxshi emas. U doimo shikoyat qilardi. Nimadir tushunmovchilik bo‘lganda, har gal bu “Yuve” yoki “Milan” emasligini ta’kidlardi”.

    Dastlabki mavsumida Erikssonning yulduzli “Latsio”si Italiya Kubogini qo‘lga kiritdi va UEFA Kubogi finaliga chiqdi va faqatgina geniy Ronaldoga yutqazdi. Shvetsiyalik murabbiy buni xarakter yetishmasligi bilan bog‘ladi va bu muammoni hal qilishga harakat qildi.

    “Ha, Ronaldo ba’zi o‘yinlarni o‘zi yutib berdi, lekin muammo boshqa yerda edi. UEFA Kubogi finalidan bir necha kun oldin biz Italiya Kubogini qo‘lga kiritdik — bu “Latsio” uchun 20 yildan ortiq vaqt ichidagi birinchi sovrin edi”.

    Foto: Sports

    Eriksson jamoaga g‘oliblik ruhiyatini singdirgan. 1998/99 mavsumda “Latsio” tarixidagi so‘nggi Kubok egalari Kubogi sovrinini qo‘lga kiritdi, finalda Ektor Kuper boshchiligidagi “Malyorka” mag‘lub etildi. Keyingi mavsum — 1999/00 yilgi mavsum — Rim klubining tarixidagi eng muvaffaqiyatli yil bo‘ldi. Bu yerda skudetto qiyinchiliksiz qo‘lga kiritildi va Italiya Kubogi g‘alaba qozonildi. “Chempionlikni rasmiylashtirgandan so‘ng darhol Kubok finalida o‘ynadik va men mag‘lubiyat kutgan edim, — deb tan olgan Eriksson. — O‘yindan oldin men do‘stim Marchello Lippi bilan gaplashdim. U bizga bu mavsumda raqiblarga hech bo‘lmasa biror narsani yutishga ruxsat berishimiz kerakligini hazil qilgandi. Men esa A Seriyadagi g‘alabadan keyin mashg‘ulot o‘tamaganimizni aytdim.

    Ammo biz ikki o‘yin natijasiga ko‘ra g‘alaba qozondik. Bu, jamoaning ikki yil ichida qanday o‘zgarganini ko‘rsatadi”.

    Foto: Sports

    2000/01-yilgi mavsumga tayyorgarlik paytida Sven-Yoran Chempionlar Ligasini ko‘zlagan edi. Yulduzli tarkibga Krespo va Klaudio Lopes qo‘shildi. Ammo rim klubidagi shartnomani oxiriga yetkazish imkoni bo‘lmadi. Oktyabr oyida Eriksson Angliya milliy terma jamoasiga taklif olgan edi. U rozilik berdi, ammo faqat 2001-yilning yozidan ish boshlashini aytdi. Biroq, Rim klubining muxlislariga bu yoqmadi, jamoa ham yomonlashdi. Shvetsiyalik murabbiy yanvar oyidayoq klubdan ketdi.

    U vaqtida jamoani tark etgan ekan. Tez orada “Latsio”da moliyaviy muammolar boshlandi va yulduzli tarkib parchalanib ketdi.

    Sven-Yoran Angliya milliy terma jamoasida: uch marotaba Skolariga mag‘lub bo‘ldi va mojarolarga aralashib qoldi

    “Agar bu taklifdan bosh tortgan bo‘lsam, butun hayotim davomida afsuslanib o‘tgan bo‘lardim”, – degan Sven-Yoran nega yulduzli “Latsio”dan Angliya terma jamoasiga o‘tgani haqidagi savollarga.

    Bekhem—Jerrard—Lempard—Ouen kabi “Oltin avlod” kuchli murabbiyga ehtiyoj sezgan edi.

    Hammasi umidbaxsh tarzda boshlandi: birinchi o‘yinda Ispaniya 3:0 hisobida mag‘lub etildi va 2001-yilning kuzida Germaniyani 5:1 hisobida taslim etdi. 2002-yilgi Jahon Chempionatiga katta umidlar bilan borishdi, lekin chorak finalda Braziliyaga imkoniyat boy berildi.

    Foto: Sports

    Keyingi katta turnir, 2004-yilgi Yevro ham chorak finalda o‘z intihosini topdi. O‘sha paytda Portugaliya darvozaboni Rikardu inglizlarga qarshi penaltilar seriyasida ajoyib harakat qildi va hal qiluvchi to‘pni o‘zi tepid. Turnirdan so‘ng ingliz mediasi murabbiyni tanqid ostiga oldi. Shuningdek, Eriksson nizolarga aralashib qoldi: jurnalist-prankerga agar “Aston Villa” arab shayxlari qo‘liga o‘tsa, klubga o‘tishga tayyorligini aytgan.

    Yevrodan keyin ingliz tabloidlari murabbiyning shaxsiy hayotidagi noxush tafsilotlarni oshkor qila boshladi: Eriksson Angliya Futbol Assotsiatsiyasi xodimi Fariya Alam bilan ishqiy aloqada bo‘lgani e’lon qilindi. Qiziqarli tomoni shundaki, shved bu vaziyatdan chiqib keta oldi — ham ishini, ham italiyalik Nensi Del’Ollio bilan munosabatlarini saqlab qoldi.

    Foto: Sports

    Ammo 2006-yilgi Jahon Chempionati Erikssonning Angliya terma jamoasidagi so‘nggi turniri bo‘lishi oldindan ma’lum edi. Shvetsiyalik murabbiyning 2008-yilgi Yevroda ham Angliya termasini boshqarishi ko‘zda tutilgan edi. Taraflar nizolar bu qarorga hech qanday ta'sir ko‘rsatmaganini va shunchaki xayrlashish va yangi imkoniyatlarni izlash haqida kelishganini aytishdi.

    Germaniyada Angliya terma jamoasi odatdagi natijalarni ko‘rsatdi: guruh bosqichidan chiqqan terma chorak finalda Portugaliyaga penaltilar seriyasida mag‘lub bo‘ldi. Bu safar ham Rikarduga qarshi qiyin kechgan uchrashuv. Eriksson katta turnirlarning uchalasida ham Luiz Felipe Skolariga mag‘lub bo‘ldi.

    Foto: Sports

    Keyinchalik Eriksson 2006-yilgi mundialda psixologni o‘zi bilan olib ketmagani uchun afsuslandi — inglizlar tarkibi juda kuchli edi, ammo Portugaliya bilan o‘yindagi muammolar aynan mental holat bilan bog‘liq edi.

    Eriksson “Siti”da ishni ajoyib boshladi, ammo klub xo‘jayini bilan janjallashib, “Middlsbro”ga 1:8 hisobida yutqazish bilan yakunladi.

    Sven-Yoran Eriksson Janubiy Afrika yoki Yamayka terma jamoasiga bosh murabbiy bo‘lishi mumkiligi haqida mish-mishlar tarqalgandi, biroq yakunda u APLga va boy klubga o‘tdi. Tailandlik milliarder Taksin Chinavatt “Man Siti”ni sotib olib, shved murabbiyni olib keldi. Ibtido juda yaxshi boshlangandi: 2007/08-yilgi mavsumning dastlabki uch turida uchta g‘alaba va darvozani quruq saqlash — shu jumladan amaldagi chempion “Manchester Yunayted”ga qarshi o‘yindagi g‘alaba.

    Eriksson, hattoki, APLda oyning eng yaxshi murabbiyi ham bo‘lgan.

    Foto: Sports

    “Siti” butun mavsum davomida Yevrokuboklarga yo‘llanma beruvchi o‘rinlarda yurdi. Lekin bahorda Chinavatt va jamoada muammolar boshlandi. Ketma-ket yomon natijalar qayd etildi, tailandlik xo‘jayin Erikssonni ishdan bo‘shatishga tayyor ekanini bildirdi va Sven-Yoranning so‘nggi o‘yinida jamoa “Middlsbro”ga 1:8 hisobida yutqazdi. Murabbiyning fikricha, jamoa uning mavsum oxirida ishdan bo‘shatilishi haqidagi xabarni bilganida motivatsiyasini yo‘qotgan.

    “Chinavattning asosiy muammosi — u har o‘yinda g‘alaba qozonishimiz kerakligini o‘ylardi, — eslaydi Sven-Yoran. — “Manchester Yunayted”ni mag‘lub etish uning uchun oddiy narsa bo‘lib qoldi. Menimcha, u futbolni umuman tushunmasdi. G‘alaba qozonganingda, u seni quchoqlab, xursand bo‘lardi, lekin mag‘lubiyatlardan so‘ng haftalab salomlashmasdi.

    Ishdan bo‘shatilayotganimda biz suhbatlashdik. Men undan nima uchun ishdan bo‘shatilayotganimni so‘radim, ammo javob olmadim”.

    Shvetsiyalik murabbiy 1:8 hisobidagi mag‘lubiyatdan so‘ng ham qo‘llab-quvvatlanardi: “shaharliklar”ning 14 ming muxlisi Erikssonni iste’foga chiqarilmasligi so‘rab, petitsiyaga imzo yig‘gan.

    Eriksson Osiyoda: 10 yildan kam vaqt ichida “Lester”dan Filippin terma jamoasigacha

    Shundan so‘ng Erikssonning karyerasida uzoq muddatli, desak bo‘ladi, iste’fodalik davri boshlandi. U Meksika terma jamoasi qisqa va unchalik muvaffaqiyatli bo‘lmagan faoliyat olib bordi, olti oy davomida sharqiy investorlar kelgan “Notts Kaunti”da sport direktori bo‘lib ishladi va 2010 yilgi Jahon Chempionatida Kot-d’Ivuarning terma jamoasi ustozi sifatida ishtirok etgandi. Biroq terma jamoa guruhdan chiqa olmadi.

    Foto: Sports

    2010-yil oktyabrda Sven-Yoran yana bir osiyolik investor loyihasida ish boshladi — Chempionshipda tailandlik milliarder Vishay Shrivaddhanaprabha sotib olgan yangi “Lester” jamoasini boshqarishga rozi bo‘ldi. Premyer Ligaga chiqish vazifasi bajarilmadi, biroq aynan Eriksson klubga Kasper Shmeyxelni olib kelgandi. Qiziqarli tomoni shundaki, shvetsiyalik murabbiy xarid qilgan boshqa bir darvozabon Portugaliya posboni Rikardu edi.  

    Shunga qaramay, transferlar Sven-Yoranning “Lester”ni APLga chiqishiga yordam bermadi — 2011-yil oktyabrda Eriksson iste’foga chiqarildi.

    Foto: Sports

    Shundan so‘ng, Angliya terma jamoasining sobiq murabbiyi Sharqqa yo‘l oldi. Avval Tailand klubida texnik direktor sifatida ishladi, so‘ngra BAA klubini boshqardi. Keyin esa to‘rt yil davomida Xitoy klublariga murabbiylik qildi — do‘sti Lippiga qo‘shilib, Superligada ishlash uchun ko‘chib o‘tdi. Biroq, u yerda ham hech qanday chempionlik yoki katta muvaffaqiyatlarga erishilmadi.

    Foto: Sports

    Erikssonning murabbiylik faoliyatidagi so‘nggisi Filippin terma jamoasi bo‘ldi (2018-yil). Bu yerda Sven-Yoran faqatgina 9 ta o‘yin o‘tkazdi va ulardan beshtasida mag‘lub bo‘ldi.

    Foto: Sports

    Eriksson faoliyatining ushbu bosqichdagi deyarli barcha ish joylari yoki osiyolik investorlar bilan bog‘liq, yoki Osiyo hududida joylashgan. Nega? Javob aniq emas, lekin 2019-yilda Sven-Yoran o‘ylaganidek, Hindiston va Xitoy jahon futboli uchun muhimdir — hozirda bu mintaqalarda futbol unchalik mashhur bo‘lmasa-da, agar bir kun u yerda futbol katta muvaffaqiyatga erishsa, bu haqiqiy inqilob bo‘ladi.

    Manchini Erikssonni o‘z akasi deb hisoblaydi. Shved – Roberto faoliyatidagi asosiy murabbiy

    Bu 90-yillardagi A Seriyaning eng muhim tandemi edi. Sven-Yoran boshchiligida Roberto karyerasining eng yaxshi yillarini o‘tkazdi va shved boshqa hech qanday futbolchi bilan shunchalik uzoq ishlamagan — uning qo‘l ostida futbolchi 306 o‘yinda ishtirok etgan.

    Eriksson aynan Manchini “Sampdoriya”ga taklif etilishining tashabbuskori bo‘lgan deya xotirlaydi. Ha, o‘sha paytda Roberto yetarli obro‘ga ega edi, u jamoani 1992-yilgi Chempionlar Ligasi finaliga qadar olib borgan Vuyadin Boshkovni almashtirishga ko‘ndira olardi.

    Ha, Eriksson Bajjoni o‘zining shogirdlari orasida eng iste’dodlisi deb hisoblagan. Lekin Manchini ham bu darajadan chetga chiqmagan:

    “Roberto — ajoyib futbolchi. U maydondagi vaziyatlarni boshqalardan tezroq ko‘rardi. Menimcha, unga omad kulib boqmagan: milliy jamoada o‘sha davrda Bajjo o‘ynardi va Arrigo Sakki Bajjoni tanlagan».

    Foto: Sports

    Keyinroq Manchini va Eriksson birgalikda “Latsio”ga o‘tdi. O‘sha paytda Roberto Sven-Yoranni hayratda qoldirdi — aynan chempionlik mavsumida.

    “O‘sha vaqtda markaziy yarim himoyachilar bilan muammolarimiz bor edi. Manchini ofisga keldi va: “Keling, men yarim himoyada o‘ynayman”, — dedi. Men unga biroz himoyalanishga to‘g‘ri kelishini aytdim. U rozilik berdi va men uni boshqa pozitsiyada sinab ko‘rishga qaror qildim.

    Biz Roberto bilan markaziy yarim himoyada 17 ta o‘yin o‘tkazdik va hech birida mag‘lub bo‘lmadik. U yakkakurashlarda boshqalardan ko‘ra ko‘proq ustun kelardi. Natijada, biz skudetto yutdik”.

    Eriksson Manchini hamda Mixaylovichni o‘sha jamoaning o‘zagi deb atardi va ularning tez orada murabbiy bo‘lishlarini kutgan.

    2011-yil yanvarida “Man Siti” Manchini boshchiligida  “Lester”ga qarshi Angliya Kubogi doirasidagi o‘yinni o‘tkazdi. Roberto shvetsiyalik mutaxassisni akasi deb atab, Sven-Yoran bilan uzoq yillar davomida ishlash uning futbolchi sifatida rivojlanishiga yordam berganini ta’kidlagan. “Lester” o‘sha paytda 2:2 hisobini saqlab qolgan va g‘olib nomi qayta o‘yindan so‘ng aniqlanishiga erishilgan.

    So‘nggi yillar Roberto uchun og‘ir keldi. Eng yaqin do‘stlari Vialli hamda Mixaylovich hayotdan ko‘z yumdi.

    Endi esa Eriksson ham.

     

    Maʼrufjon Ochilov tarjimasi

    27.08.2024, 02:17   Izoh (0)   8952
    Facebook Twitter LinkedIn Telegram Email

    Izoh (0)

    Kirish
    Javob qoldiring Bekor qilish

    Mavzuga doir

    Angliya terma jamoasi sobiq murabbiyi Sven-Yoran Erikssonga saraton tashxisi qo‘yildi

    11.01.2024, 15:41

    Sven-Yoran Eriksson vidolashuv maktubini yozdi: “Meni samimiy inson sifatida eslab qoling” 

    21.08.2024, 15:15

    Angliya terma jamoasi sobiq murabbiyi Sven-Yoran Eriksson 76 yoshida vafot etdi

    26.08.2024, 16:35

    APLda transfer oynasi yopilishi oldidan jamoasini o‘zgartirishi kerak bo‘lgan 5 futbolchi

    26.08.2024, 18:00

    Futzal. Toshkentdagi yig‘inga jarohat olgan darvozabon o‘rniga “Paxtakor” futzalchisi jalb etildi

    26.08.2024, 13:34

    Oleksandr Usik kimlar bilan jang qilishni xohlashini aytdi

    26.08.2024, 11:43
    ×Lightbox Image

    Daryo.uz | Sizning muammoingiz yechimi


    Uzbekistan Airways Sixt bilan hamkorlikda avtomobil ijarasi xizmatini taklif qiladi


    OKMK 2,3 milliard dollar kredit mablag‘larini jalb qildi va 125 million dollar moliyaviy xarajatlarni iqtisod qildi


    Ziffler‘dan katta taqdimot: yangi qiyofa, zamonaviy dizayn va aqlli maishiy texnikalar


    HONOR kompaniyasi HONOR 400 Lite smartfonini taqdim etdi. Qiziq, u nimasi bilan lol qoldira oladi?


    Coca-Cola 139 yillik ilhom, ajoyib kashfiyotlar, mashhur kampaniyalar va butun dunyo sevib qolgan ta’mni taqdim etmoqda 


    Silk Avia Shahrisabzga ko‘proq parvoz qiladi


    Kapitalbank 2024-yilgi Brand Awards International mukofotiga sazovor bo‘ldi


    Parvoz — katta shahar xarakteriga ega qulay biznes-klass turar joy


    BYD’dan yangi avtokredit takliflari


    HUAWEI nova 13 va nova 13 Pro seriyasi: Professional darajadagi portret imkoniyati


    Octobank yana bir bor raqamli to‘lov yechimlari bo‘yicha peshqadam deb e’tirof etildi


    CHERY bilan o‘z orzungizni amalga oshiring: barcha modellar uchun boshlang‘ich to‘lov pasaytirildi! 


    InfinBANK Global Money Week 2025 da ishtirok etdi


    Moliyaviy firibgarlik: murakkab sxemalar bo‘yicha sodda tushunchalar 


    UZCARD SHERDOR premium kartasi endi MKBANKda mavjud

     

    Tavsiya etamiz

    “AQSH yordam bermaganida, g‘alabaga erisha olmasdik” — Ikkinchi jahon urushida SSSR yutug‘ini ta’minlagan yashirin haqiqatlar

    10 may, 15:00

    “Ular o‘z vatani mustaqil bo‘lishi uchun kurashgan edi” — Turkiston legionining ayanchli tarixi

    8 may, 15:09

    Rashidov, gazli ichimliklar zavodi, Qizil maydon. 9-may — Toshkent tarixidan fotolavhalar

    7 may, 14:40

    Mashhur patir, hamma biladigan qabriston, tor ko‘chali mahallalar. Kadrlarda Olmazor

    10 aprel, 10:00
     
     
     

    So‘nggi yangiliklarga o‘tish

    Mashhur otasining xohishiga qarshi chiqqan, 3 farzandli bo‘lsa ham Anna Kurnikovaga uylanmagan Enrike Iglesias 50 yoshda

    Layfstayl | 11 may, 16:35

    “Ruslar nihoyat o‘ylay boshlashdi” — Zelenskiy

    Dunyo | 11 may, 16:05

    AQSH Ukrainaga Patriot raketalarini topshirishini ma’qulladi

    Dunyo | 11 may, 15:30

    “Roma” YCHL uchun tayyorgarlik boshladi. Klub yozda kimlarni xarid qilmoqchi?

    Sport | 11 may, 15:29

    O‘zbekistonda OTB ishtirokida 3,6 mlrd dollarlik loyihalar amalga oshiriladi

    O‘zbekiston | 11 may, 15:00

    Shahboz Sharif Hindiston bilan o‘t ochishni to‘xtatishni Pokistonning “g‘alabasi” deb atadi

    Dunyo | 11 may, 14:28
    Daryo About Us

    “Daryo” internet-nashrining (O‘zbekiston matbuot va axborot agentligi (O‘zMAA, hozirgi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi) tomonidan 13.03.2015 yil sanasida 0944-sonli guvohnoma bilan ommaviy axborot vositasi sifatida ro‘yxatga olingan. Matnli materiallarni to‘liq ko‘chirish yoki qisman iqtibos keltirishga, shuningdek, fotografik, grafik, audio va/yoki videomateriallaridan foydalanishga “daryo.uz” saytiga giperhavola mavjud bo‘lgan va/yoki “Daryo” internet-nashrining muallifligini ko‘rsatuvchi yozuv ilova qilingan taqdirda yo‘l qo‘yiladi. Chop etiladigan ba’zi ma’lumotlar 18 yoshga to‘lmagan foydalanuvchilarga mo‘ljallanmagan bo‘lishi mumkin. Info@daryo.uz

    Telegram Youtube Facebook Instagram Twitter vkontakte

    © «Simple Networking Solutions» MChJ, 2013–2025

    Yosh bo‘yicha cheklov

    Xato topdingizmi? Ctrl+Enter’ni bosing

    • Foydalanish shartlari
    • Maxfiylik siyosati
    • Reklama
    Nimani qidiramiz?

    Sign In or Register

    Xush kelibsiz!

    Tizimga kiring yoki Roʻyxatdan oʻting.

    Google

    yoki E-Pochta orqali

    Izoh qoldirishingiz, Foydalanish shartlari va Maxfiylik siyosati shartlarini qabul qilganingizni anglatadi

    Roʻyxatdan oʻting

    Roʻyxatdan oʻtganmisiz? Login.

    Google

    yoki E-Pochta orqali

    Sizga parol elektron pochta orqali yuboriladi.

    Izoh qoldirishingiz, Foydalanish shartlari va Maxfiylik siyosati shartlarini qabul qilganingizni anglatadi

    Matnda xato topdingizmi?

    ×

    Rahmat. Biz sizning xabaringizni oldik va xatoni imkon qadar tezroq tuzatamiz.