Kastiliyalik Izabella roli Melika Yalova uchun haqiqiy mo‘jizaga aylandi. Turkiya vazirining qizi hech qachon aktrisa bo‘lishni orzu qilmagan edi, ammo suratga olish taklifini olgach, bu imkoniyatni boy bermaslikka ahd qildi.
Melike Ipek Yalova 1984-yil 29-aprelda (ba’zi manbalarda 4-may) Istanbulda tavallud topgan. Onasi uy bekasi, otasi Yuksel Yalov esa davlat vaziri bo‘lgan. Melikening so‘zlariga ko‘ra, u hech qachon aktrisa bo‘lishni orzu qilmagan, chunki uning hayoti doimo siyosat bilan bog‘liq edi. Shu sababli Melike maktabni tugatgach, dastlab Bilkent universitetining xalqaro munosabatlar fakultetiga o‘qishga kirgan, keyinchalik esa Rimdagi La Sapienza universitetida tahsilini davom ettirgan. Biroq Yalova universitetda o‘qib yurganida to‘y biznesiga qiziqib qoladi va o‘z salonini ochishni orzu qiladi. Ota-onasining qo‘llab-quvvatlashi tufayli u orzusini ro‘yobga chiqaradi va Melike Ipek kelinlar uchun nafis liboslar sotiladigan shaxsiy to‘y saloniga ega bo‘ladi. Aytgancha, ba’zi liboslarning dizaynini u o‘zi ishlab chiqadi.
Ijodiy faoliyati
Melike Ipek Yalova kinematografiyaga tasodifan kirib qolgan bo‘lsa-da, ilk roli unga olamshumul shuhrat keltirdi. Aynan u mashhur “Muhtasham yuz yil” serialida kastiliyalik Izabellani gavdalantirgan edi.
“Bir kuni juda yaqin do‘stim bilan tushlikka baliq restoraniga bordik. U yerda Meral Okay, Mehmet Gunsur va “Muhtasham yuz yil” seriali rejissyori Nermin Ero‘g‘lu bor ekan. O‘shanda men faqat Meral xonim va Mehmet Gunsurni tanirdim. Nermin Ero‘g‘lu yonimga kelib: “Sizga rol taklif qilmoqchimiz. Nima bilan shug‘ullanishingizni bilmayman-u, lekin bir kuni tashrif buyuring”, dedi. U menga tashrif qog‘ozini qoldirdi. Bordim, sinov uchun suratga olishdi. Hamma “rozi” deb ovoz berdi va men rolga tasdiqlandim”, deydi u.
Serialning ayrim tomoshabinlari, ayniqsa Hurram sultonning ashaddiy muxlislari aktrisani qattiq tanqid qilishdi. Uni “xunuk”, “beso‘naqay” va “sun’iy” deb atashdi. Biroq tanqid Melikeni yangi yutuqlarga undadi. Aktrisa yangi takliflarni rad etmadi va suratga tushishda davom etdi.
“Muhtasham yuz yil”dan so‘ng turk aktrisasi “Qora amaki”, “Hayot qo‘shig‘i”, “Doira”, “Bir kun Chukurovada”, “Inson aybi”, “Jonimni beraman”, “Begunoh ayblanuvchi” va “Manarli” kabi mashhur serial va filmlarda rol ijro etgan.
Kinematografiya sohasidagi butun faoliyati davomida Yalova o‘zining to‘y biznesi haqida ham unutmagan. Turdizi yulduzi yangi loyihalarda suratga tushish va sevimli mashg‘ulotini ajoyib tarzda uyg‘unlashtira oladi.
Shaxsiy hayoti
Melike Ipek Yalova hech qachon shaxsiy hayotini oshkor qilmagan. U 2019-yilda besh yil davomida munosabatda bo‘lgan prodyuser Altug‘ Gultan bilan turmush qurdi. E’tiborli jihati shundaki, mashhurlarning o‘zlari ijtimoiy tarmoqlarda to‘y marosimidan suratlar joylashtirmagan, biroq ularning mehmon-u do‘stlari yangi oila qurganlar bilan bog‘liq lavhalarni bajonidil ulashishgan. Afsuski, 2021-yilda er-xotin ajrashdi. Ular ajralish sabablarini ma’lum qilmadi, Yalova esa shaxsiy hayotini yanada puxta yashirishga kirishdi.
Melike Ipek Yalova hozirda
Hozirgi kunda aktrisa biznesini davom ettirish bilan birga, rol bo‘yicha yangi takliflarni ham ko‘rib chiqmoqda. Yalovaning aytishicha, u hayotidan juda mamnun va Meral Okayning taklifini qabul qilib, suratga tushishga kelganidan hech qachon afsuslanmagan.
U ko‘p vaqtini otxonada o‘tkazadi. Melike faol turmush tarzini olib borishga intiladi: otda sayr qilish, yoga mashqlari, sayohatlar, suzish havzasi — uning har bir kuni turli xil voqealarga to‘la. Yalovaning tan olishicha, g‘amgin paytlarida u yolg‘iz qolishni ma’qul ko‘radi va ko‘p kitob o‘qiydi. Ajrashgandan so‘ng, Melike Ipek butun e’tiborini ishga qaratdi va shaxsiy hayotini ehtiyotkorlik bilan himoya qila boshladi.
Melike Ipek Yalova haqida qiziqarli ma’lumotlar
- Aktrisa turk, ingliz va fransuz tillarini mukammal biladi.
- Melike hayvonlarni juda yaxshi ko‘radi va ularga yordam ko‘rsatishga qaratilgan ko‘plab xayriya jamg‘armalarini qo‘llab-quvvatlaydi.
- Turk seriallari yulduzi futbolni juda sevadi va milliy o‘yinlarning birortasini ham o‘tkazib yubormaslikka harakat qiladi.
- Melike Ipek o‘zini “moda izquvari” deb ataydi. Shaxsiy mikroblogida aktrisa muntazam ravishda xaridlari haqida ma’lumot beradi va obunachilariga eng zamonaviy uslublarni namoyish etadi.
Izoh (0)