Hindistonda 242 kishini olib ketayotgan yo‘lovchi samolyot halokatga uchragani haqida xabar berilgan edi. O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi hodisa yuzasidan maʼlumot berdi.

Vazirlik bergan maʼlumotga ko‘ra, halokatga uchragan samolyotda O‘zbekiston fuqarolari bo‘lmagan.
“Hindiston hududida yuz bergan samolyot halokati haqidagi xabarni chuqur qayg‘u bilan qabul qildik. Ushbu fojiada halok bo‘lganlarning yaqinlari va oilalariga chuqur hamdardligimizni izhor etamiz.
Olingan dastlabki maʼlumotlarga ko‘ra, mazkur reysda O‘zbekiston fuqarolari bo‘lmagan”, deyiladi TIV munosabatida.
Hodisa haqida
Aviatsiya parvozlarini kuzatib boruvchi Flightradar24 portaliga ko‘ra, halokatga uchragan samolyot Boeing 787-8 Dreamliner bo‘lib, ushbu keys bu modeldagi fuqaro laynerlari bilan yuz bergan ilk halokatdir. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, bortda bo‘lganlarning 169 nafari Hindiston, 53 nafari Buyuk Britaniya, yana 7 kishi esa Portugaliya fuqarolaridir.
Samolyot tegishli bo‘lgan Air India kompaniyasi holat yuzasidan X ijtimoiy tarmog‘ida bayonot berib, tafsilotlar aniqlashtirilayotganini, qo‘shimcha ma’lumot tez orada e’lon qilinishini bildirdi.
Mahalliy manbalar xabariga ko‘ra, halokat samolyot aeroportdan uchib chiqayotgan vaqtda sodir bo‘lgan. Tarmoqlarda tarqalayotgan videoda havo layneri qulashidan soniyalar oldin balandlik yo‘qotganini ko‘rish mumkin.
Voqeadan ko‘p o‘tmay, halokat joyidan olingan kadrlar e‘lon qilindi. Unda o‘t o‘chiruvchilar voqea joyiga yetib kelib, samolyot qoldiqlari hamda yon-atrofdagi avtomobillarga tutashgan yong‘inni bartaraf etayotganini ko‘rish mumkin. Air India samolyot shifoxona binosiga qulaganini ma’lum qildi. Yaradorlar shifoxonaga olib ketildi.
Ahmadobod aeroportining ma’lum qilishicha, samolyot mahalliy vaqt bilan soat 13:39 da 23-sonli uchish-qo‘nish yo‘lagidan havoga ko‘tarilgan. Shundan so‘ng favqulodda vaziyat haqida ogohlantiruvchi “Mayday” signalini yuborgan. Biroq oradan ko‘p o‘tmay aloqa uzilgan.
Flightradar24 parvoz haqida oxirgi signal samolyot havoga ko‘tarilganidan atigi bir necha soniya o‘tib olinganini ma’lum qildi. Shuningdek havo kemasi VT-ANB kodi bilan ro‘yxatga olingan Boeing 787-8 Dreamliner bo‘lganini tasdiqladi. Biroq Boeing kompaniyasi hozircha rasmiy izoh bermadi.
Eslatib o‘tamiz, Hindistonda so‘nggi aviahalokat 2020-yili Air India Express bilan yuz bergan edi. O‘shanda Air India’ning arzon reyslar bilan shug‘ullanuvchi sho‘ba korxonasiga tegishli Boeing-737 samolyoti qulab, 21 kishini hayotdan olib ketgan edi.
Izoh (0)