Surxondaryoda YPX xodimiga kuch ishlatgan 3 kishi ushlangani haqida xabar berilgan edi. IIV holat yuzasidan batafsil maʼlumot berdi.
Unda aytilishicha, 1-may kuni Denov tumani Mustaqillik ko‘chasida xizmat olib borayotgan inspektorlar qoidalarga amal qilmay, yo‘ldagi boshqa harakat ishtirokchilariga xalaqit berib, noto‘g‘ri manyovr qilgan Lacettiʼni to‘xtatgan.
Inspektor haydovchiga huquqbuzarligini tushuntirib, hujjatlarni taqdim etishini so‘ragan vaqtda haydovchi xodimlarning qonuniy talabini bajarmasdan, jamoat joyida faol qarshilik ko‘rsatgan.
Shundan so‘ng inspektor mashinani evakuatorda jarima maydoniga olib ketmoqchi bo‘lgan. Haydovchi turmush o‘rtog‘i, qaynotasi, qaynopasi va qaynukalarini chaqirgan. Inspektorni bo‘ynidan bo‘g‘ib, xodimlarga kuch ishlatgan va bodi kamerasini yulib olgan.
“His-hayajonga berilgan holda xodimlarni yoqasidan ushlab tortib, haqoratlab, kiyimlarini yirtib tashladim. Qilgan ishimdan ming-ming pushaymonman. Sizlardan kechirim so‘rayman”, deya uzr so‘ragan qo‘lga olingan ayollardan biri.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Jinoyat ishi doirasida 3 nafar gumonlanuvchi shaxs protsessual tartibda ushlangan.
Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda. Avtomobil jarima maydoniga joylashtirilgan.
15-aprelda Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida YPX xodimiga faol qarshilik ko‘rsatib, uni urgan haydovchiga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. 19-aprel kuni Toshkentda YPXdan qochib, 5 ta avtomobilga shikast yetkazgan Gentra haydovchisi ushlangandi. Avtomobilni boshqargan ayolning haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Izoh (0)