O‘zbekistonda haydovchilar uchun jarima ballari 2025-yil 1-maydan boshlab kuchga kirmaydi.

Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati axborot xizmati rahbari Zoyir Yo‘ldoshovning ma’lum qilishicha, jarima ballarini hisoblash tartibi to‘g‘risidagi normativ-huquqiy hujjat belgilangan tartibda ishlab chiqilmoqda.
“Shu bois tegishli normativ-huquqiy hujjat qabul qilinganidan so‘ng, yo‘l harakati qoidabuzarliklari uchun beriladigan jarima ballarining hisoblanish muddati va tartibi aniq belgilanadi”, deydi YHXX vakili.
Haydovchilar uchun jarima ballari tizimi
O‘zbekistonda haydovchilar huquqbuzarliklari uchun jarima ballari tizimi joriy etilishi haqida 2022-yilning fevralida o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilingandi. O‘sha yilning aprelida “Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi prezident qarori qabul qilindi. Unda har bir yo‘l harakati qoidabuzarligi uchun 12 oy davomida alohida jarima ballari hisoblab borilishi belgilandi.
Mazkur tizim 2022-yil 1-dekabrda ishga tushishi kerak edi. YHXX bu tizim ko‘zda tutilgan sanadan boshlab test rejimida ishga tushurilishini, dasturiy ta’minot sinovdan o‘tkazilib, aniqlangan xato va kamchiliklar to‘liq bartaraf etilgandan keyin ishga tushirilib, haydovchilar tomonidan sodir etilgan qoidabuzarliklar uchun jarima ballari hisoblanishini bildirgandi. O‘shanda Vazirlar Mahkamasi qaror loyihasi ishlab chiqilgani, Oliy Majlis qonunchilik palatasining mas’ul xodimlari bilan hamkorlikda ishchi guruh tuzilgan holda qonun loyihasini qayta takomillashtirish ishlari olib borilayotgani ma’lum qilingandi.
Qonunchilik palatasi jarima ballari ko‘zda tutilgan qonunni 2023-yil 28-noyabrda qabul qildi. Senatda birinchi marta 2024-yil 16-avgustda kuni ko‘rib chiqilib, uni takomillashtirish va yakunlash uchun Senat va Qonunchilik palatasining kelishuv komissiyasiga qaytarildi. 2025-yil 24-yanvarda qonun qayta ko‘rib chiqilib, ma’qullandi.
2025-yil 20-fevral kuni “Yo‘l harakati xavfsizligi tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat, Jinoyat-protsessual kodekslariga hamda O‘zbekiston Respublikasining Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida”gi qonun qabul qilindi. Qonun bilan jarima ballari 12 balldan oshgan haydovchilar transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilinishi belgilandi.
O‘shanda Zoyir Yo‘ldoshov ushbu tizim ishga tushishi bo‘yicha “Daryo”ga izoh berib, qonun bilan 1 oy muddatda “12 ballik tizim” bo‘yicha Vazirlar Mahkamasi qarori ishlab chiqilishini bildirgandi.
Haydovchilarga tayinlanadigan 12 ballik jarima ballari faqat YPX inspektorlari tuzgan bayonnomalar asosida shakllanadi va ballarni hisoblash tizimi YHXXda inson omilisiz, avtomatlashtirilgan tarzda hisob-kitob qilinadi.
Izoh (0)