Surxondaryo viloyati Denov tumanida bir guruh fuqarolar YPX xodimiga qarshilik qilib, janjal ko‘targani aks etgan video tarqalgandi. Bosh prokuratura axborot xizmati rahbari Hayot Shamsutdinov holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.

YHXX axborot xizmati rahbari Zoyir Yo‘ldoshovning “Daryo” so‘roviga ko‘ra aniqlik kiritishicha, haydovchi yo‘l harakati qoidalarining 99-bandini buzib, qarama qarshi bo‘lakdan harakatlanib kelgan avtomashinaga yo‘l bermasdan harakatlangani uchun xodim Lacetti’ni to‘xtatgan. Inspektor haydovchi hujjatlarini so‘raganida taqdim etmasdan qarindoshlari bilan xodimlarga qarshilik ko‘rsatgan.
Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 277-moddasi (bezorilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Jinoyat ishi doirasida 3 nafar gumonlanuvchi shaxs protsessual tartibda ushlangan. Hayot Shamsutdinovning “Daryo” so‘roviga ko‘ra ma’lum qilishicha, ushlanganlarning ikki nafari ayol kishi.
Ayni paytda tergov harakatlari olib borilmoqda. Avtomobil jarima maydoniga joylashtirilgan.
15-aprelda Qashqadaryo viloyatining G‘uzor tumanida YPX xodimiga faol qarshilik ko‘rsatib, uni urgan haydovchiga jinoyat ishi qo‘zg‘atilgandi. 19-aprel kuni Toshkentda YPXdan qochib, 5 ta avtomobilga shikast yetkazgan Gentra haydovchisi ushlangandi. Avtomobilni boshqargan ayolning haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Izoh (0)