Toshkentda Tracker chorrahani tartibga solayotgan inspektorni urib yubordi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati xabar berdi.

Voqea 23-aprel kuni sodir bo‘lgan. Tracker Do‘rmon yo‘li va Mirzo Ulug‘bek ko‘chalari kesishmasidagi chorrahada xizmat olib borayotgan YPX inspektorini urib yuborgan.
Shifoxonaga olib borilgan inspektorga o‘ng va chap qo‘l ko‘plab shilinmalari, chap chanoq suyagining bir necha joydan sinishi, chap tizza sohasi va oyoq yumshoq to‘qimalarining lat yeyishi tashxisi qo‘yilgan.
“Tirbandlikning oldini olish maqsadida chorrahaga chiqib, uning markazida o‘zimga qulay joyni tanladim. Uchinchi qatordan keldimi yoki to‘rtinchi qatordan, bilmayman, Tracker kelib urdi. O‘sha yerdagi hamkasblarim, Milliy gvardiya, hammasi kelib, birinchi tibbiy yordamni ko‘rsatdi”, deydi inspektor.
Hozirda mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.
Toshkent shahrida 5-aprel kuni yuqori tezlikda harakatlangan Malibu haydovchisi YPX xodimini “kapot” ustida sudrab ketgandi. 30-mart kuni Andijonda Spark avtomobili YPX xodimini bosib ketdi. 15-aprelda Qashqadaryoda YPX xodimiga faol qarshilik ko‘rsatgan haydovchi qamoqqa olindi.
Izoh (0)