Qashqadaryo viloyati Shahrisabz shahrida YPX xodimi va haydovchi o‘rtasida janjal sodir bo‘ldi. Viloyat Ichki ishlar boshqarmasi axborot xizmati holat yuzasidan maʼlumot berdi.
Xabarga ko‘ra, 12-aprel kuni soat taxminan 17:40 larda fuqaro Q.M. boshqaruvida bo‘lgan Lacettiʼni o‘zi va o‘zgalar hayotini xavf ostiga qo‘yib, spirtli ichimlik isteʼmol qilgan holda M-39 avtomobil yo‘lining Kitob—Shahrisabz yo‘nalishida boshqarib kelgan.
Shu vaqt boshqaruvni yo‘qotib qarama-qarshi yo‘nalish bo‘ylab harakatlanib kelayotgan fuqaro J.J. boshqaruvida bo‘lgan “Hamkor” rusumli mototsikl bilan yo‘l-transport hodisasi sodir etgan.
O‘z xizmat vazifasini bajarayotgan Shahrisabz shahar IIB JXX YHXB katta inspektori yo‘l-transport hodisasini protsessual rasmiylashtirish maqsadida haydovchini to‘xtatib, Q.M.ning spirtli ichimlikdan mastlik holatini aniqlash uchun alkotester tekshiruvidan o‘tkazmoqchi bo‘lgan. Haydovchi inspektorning qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan, faol qarshilik ko‘rsatgan.
Mazkur holat yuzasidan Q.M.ga nisbatan Shahrisabz shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 219-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, haydovchi protsessual tartibda ushlanib, qamoq ehtiyot chorasi qo‘llangan.
Hozirda Shahrisabz shahar prokuraturasi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Izoh (0)