Samarqandda YPX xodimining qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan inspektorning hayoti uchun xavfli harakatlar sodir etgan haydovchi qamoqqa olindi. Bu haqda viloyat YHXB matbuot xizmati xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, 31-yanvar kuni Samarqand shahar Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasida xizmat faoliyatini olib borayotgan YPX xodimi tomonidan davlat raqami belgisiz harakatlanib kelayotgan Onix jezl va xushtak yordamida to‘xtatish chorasi ko‘rilganda, haydovchi o‘zi va o‘zgalar hayotiga xavf tug‘dirib, inspektorning qonuniy talabiga bo‘ysunmasdan, xodim ustiga haydab tan jarohatlari yetkazgan va voqea joyidan qochib ketgan.
Holat yuzasidan Samarqand shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining ikki moddasi:
140-moddasi 3-qismi — jabrlanuvchini o‘z xizmat yoki fuqarolik burchini bajarishi munosabati bilan bog‘liq holda haqorat qilish (BHMning 400 baravaridan 600 baravarigacha, ya’ni 150 million so‘mdan 225 million so‘mgacha miqdorda jarima yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yilgacha ozodlikni cheklash bilan jazolanadi);
219-moddasi — hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish, qanday shaklda bo‘lmasin o‘zining xizmat vazifasini bajarish yoki fuqaroviy burchini bajarishdan voz kechishga, shuningdek qonunga xilof harakatlar sodir etishga majbur qilish (3 yildan 5 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yildan 5 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, haydovchi protsessual tartibda ushlanib, qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Hozirda ushbu holat yuzasidan prokuratura organlari tomonidan tergov harakatlari olib borilmoqda.
Bundan avval Buxoro viloyatining Jondor tumanida haydovchi Cobalt’ni qasddan YPX xodimi ustiga haydagani haqida xabar berilgan edi. 19-yanvar kuni Navoiyda 16 yoshli bola otasining mashinasida YPX xodimini urib yuborib, uning o‘limiga sababchi bo‘lgandi.
Izoh (0)