Samarqand viloyati Samarqand shahrida 22-iyun kuni fuqarolar Yo‘l-patrul xizmati xodimining qonuniy talablariga bo‘ysunmay, qarshilik ko‘rsatdi. Bu haqda viloyat Ichki ishlar boshqarmasi xabar qildi.
Qayd etilishicha, holat shu kuni shaharning Mirzo Ulug‘bek va Mirsaid Baraka ko‘chalari chorrahasida sodir bo‘lgan. Hududda xizmat olib borayotgan YPX inspektori piyodalar o‘tish joyiga qo‘yilgan Cobalt avtomashinasiga ko‘zi tushgan. Mashina oldiga borib, salondagi to‘rt nafar yo‘lovchiga transport vositasi haydovchisini chaqirishni, avtomobilni piyodalar o‘tish yo‘lagidan olishni va tegishli hujjatlarni taqdim etishni so‘ragan.
Shunda haydovchining qarindoshlari bo‘lgan yo‘lovchilar janjal ko‘tarib, xodimga keskin qarshilik ko‘rsatgan. Inspektorning qo‘lidagi to‘xtatish tayog‘i, ya’ni jezlni tortib olib, sindirib tashlagan. Xodimga tan jarohati yetkazgan.
Holat yuzasidan surishtiruv va tekshiruv harakatlari olib borilgan. Jinoyat kodeksining 219-moddasi (hokimiyat vakiliga yoki fuqaroviy burchini bajarayotgan shaxsga qarshilik ko‘rsatish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, 2 nafar fuqaroga qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Bundan tashqari, yana 2 nafarining harakatlarida huquqbuzarlik alomatlari borligi sababli 15 sutka ma’muriy qamoq jazosi tayinlangan.
Mavzuga doir:
- Buxoroda jarima to‘lovidan bosh tortib, MIB xodimlarini do‘pposlagan fuqaro ikki yil muddatga ozodlikdan mahrum qilindi
- Andijonda uch nafar shaxs YPX xodimi bilan janjallashib, ratsiyasi, nishoni va planshetini olib qo‘ydi
- Samarqandda IIB xodimi pogonini o‘zi yulib, bunda yonidagi ayolni ayblagani ko‘ringan video tarqaldi. Vazirlik holat o‘rganilayotganini ma’lum qildi
Izoh (0)