Surxondaryo viloyatining Denov tumanida 32 nafar bog‘cha bolasini Damas’da tashigan haydovchiga chora ko‘rildi.
Viloyat YHXB matbuot xizmatining xabar qilishicha, Damas avtomobili to‘xatib tekshirilganda unda haydovchi va old o‘rindiqdagi ayol bilan birga jami 34 kishi borligi aniqlangan.
Xodimlar kuzatuvi ostida bolalar bog‘chaga qaytarilgan. Haydovchiga nisbatan chora ko‘rilib, avtomobil jarima maydoniga joylashtirilgan.
Holat yuzasidan viloyat Maktab va maktabgacha ta’lim boshqarmasiga taqdimnoma kiritilgan.
23-aprel kuni Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida haydovchi Damas’da 25 nafar bola va bir nafar ayolni olib ketayotgani aniqlangandi.
Bu kabi holatlar birinchisi emas. 2024-yil aprelida Qarshi shahrida 25 nafar bolani olib ketayotgan Damas YPX xodimi tomonidan to‘xtatilgandi. O‘sha yilning sentyabrida Andijonda Damas haydovchisi yo‘lovchi tashish qoidasini buzib, 32 nafar bolani maktabgacha ta’lim tashkilotiga olib ketayotgani aniqlangan.
2023-yil sentyabrda Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida bog‘cha mudirasi 25 nafar bolani o‘z Spark’ida olib ketayotganida to‘xtatilgandi. Bundan tashqari, Surxondaryoda ham haydovchi Damas’da 25 nafar bog‘cha bolasini olib ketayotgani ma’lum bo‘lgan edi.
Izoh (0)