Namangan viloyatining Kosonsoy tumanida haydovchi Damas’da 25 nafar bola va bir nafar ayolni olib ketayotgani aniqlandi.

YHXX matbuot xizmatining xabar qilishicha, ushbu avtomobil 23-aprel kuni “Jar” mahallasi hududida YPX xodimlari tomonidan to‘xtatilgan. Tekshiruv davomida avtomobil salonida me’yordan ortiq yo‘lovchilar olib ketilayotgani aniqlangan.
Haydovchining ma’lum qilishicha, u bolalarni shu mahallada joylashgan xususiy bog‘chaga olib borayotgan bo‘lgan.
Ushbu holat yuzasidan ma’muriy bayonnoma rasmiylashtirilib, transport vositasi vaqtincha saqlash uchun jarima maydoniga qo‘yilgan.
Bu kabi holatlar birinchisi emas. 2024-yil aprelida Qarshi shahrida 25 nafar bolani olib ketayotgan Damas YPX xodimi tomonidan to‘xtatilgandi. O‘sha yilning sentyabrida Andijonda Damas haydovchisi yo‘lovchi tashish qoidasini buzib, 32 nafar bolani maktabgacha ta’lim tashkilotiga olib ketayotgani aniqlangan.
2023-yil sentyabrda Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida bog‘cha mudirasi 25 nafar bolani o‘z Spark’ida olib ketayotganida to‘xtatilgandi. Bundan tashqari, Surxondaryoda ham haydovchi Damas’da 25 nafar bog‘cha bolasini olib ketayotgani ma’lum bo‘lgan edi.
Izoh (0)